Jamiyat | 13:03 / 27.07.2017
4356
2 daqiqa o‘qiladi

Parlament vakillari aralashuvi bilan tadbirkor yerga ega bo‘ldi

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Sarvar Otamurodov boshchiligidagi ishchi guruh a'zolari Namangan viloyatining shahar va tumanlari aholi bilan muloqotlar o‘tkazib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga e'tibor qaratmoqda.

Xususan, quyi parlament deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi Ibrohim Hojiyev tashabbusi bilan Chust tumanida anchadan buyon yechimini kutayotgan muammo ijobiy hal etildi.

Tumandagi “Chust-Orzu” xususiy korxonasi rahbari Ilhomjon Aminjonov aholiga umumiy ovqatlanish xizmatini ko‘rsatib keladi. Tadbirkor o‘z mustaqil binosining yo‘qligi sababli faoliyatini ijara asosida olib borardi. 

Parlament vakillarining tashrifidan voqif bo‘lgan tadbirkor Ibrohim Hojiyevga aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, qolaversa, mulkdor bo‘lish maqsadida yer maydoni ajratish masalasida murojaat etdi. Deputat tadbirkorni qiynab kelayotgan dardli masalani ko‘rib chiqish uchun tuman hokimligiga so‘rov kiritdi. Natija kutilganidek, tadbirkor foydasiga hal bo‘ldi.

Tuman hokimi Bahodir Oxunovning qaroriga binoan, “Chust-Orzu” xususiy korxonasiga Chust shahridagi Bibiyona ko‘chasidan 600 kvadrat metr, ya'ni 6 sotix quruq yer ajratib berildi. Ayni paytda bu yerda arxitektura-qurilish ishlariga tegishli hujjatlar tayyorlanmoqda.

Oqilxon DADABOYeV, 
jurnalist.

Mavzuga oid