Jamiyat | 10:31 / 28.07.2017
9605
4 daqiqa o‘qiladi

Qahramon Quronboyev: “Yosh rahbarlarning mamlakat boshqaruv tuzilmalariga kelishi ijtimoiy hayotga ta'sir ko‘rsatadi”

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 5 iyul kuni “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi tarixiy farmonni imzoladi. Shu kundan e'tiboran mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosati bilan shug‘ullanadigan yangi tuzilma – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyat boshladi. O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev bilan suhbatlashdi. 

“Hamma narsa boshida qiyin. Yoshlar yoshlarga ta'sir ko‘rsatadigan, o‘z taqdirini o‘zi belgilaydigan, o‘zlari o‘zlariga ko‘mak, dalda berishiga imkon yaratish vaqti keldi. Prezidentimiz Yoshlar ittifoqi tarkibida Yosh olimlar uyushmasi, Yoshlar turizmi uyushmasi, Sport klublari va fitnes markazlari uyushmasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar uyushmasi, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazi kabi tuzilmalarni tashkil etishni taklif qilganida mana shu g‘oyadan kelib chiqqan edi”, - dedi Q.Quronboyev. - “Albatta, Ittifoq yangi uyushmalarga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatib, ishini muvofiqlashtirib boradi. Qolaversa, har biriga ular bilan bevosita ishlaydigan hukumat a'zolari ham biriktirib qo‘yilishi uning samaradorligini ta'minlashga xizmat qiladi. Masalan, ta'lim tizimidagi yoshlar bilan Bosh vazir, oliy va o‘rta maxsus hamda xalq ta'limi vazirlari, yoshlar tadbirkorligi va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash bilan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Bosh vazir o‘rinbosari va Savdo-sanoat palatasi raisi, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bilan Prezidentning Davlat maslahatchisi va madaniyat vaziri doimiy ish olib borishi belgilandi”. 

“Prezidentimiz O‘zbekiston yoshlar ittifoqi davlat va jamiyat uchun rahbar kadrlarni tayyorlab beradigan o‘ziga xos markaz bo‘lishi, zamonaviy tilda aytadigan bo‘lsak, yoshlar uchun “sotsial lift” vazifasini bajarishi kerak, deya alohida ta'kidladi. Fidoyi yosh rahbarlarning mamlakat boshqaruv tuzilmalariga kelishi chinakamiga yangicha ruh, yangicha nafas olib keladi va butun ijtimoiy hayotga ta'sir ko‘rsatadi. Bu yo‘lda dastlabki amaliy qadam tashlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etilmoqda. Bu institut nafaqat bilimli, tashabbuskor va tashkilotchi kadrlar zaxirasini, balki yoshlar muammolarini o‘rganishning butun boshli bir tizimini yaratadi. Demak, yuqorida aytilganidek, yoshlarni qiynayotgan muammolar nafaqat joyida hal etiladi, balki ular ilmiy asoslangan tarzda o‘rganiladi, monitoring qilinadi va kelgusida bunday muammolarni jamiyatimizdan butunlay supurib tashlash imkoniyati paydo bo‘ladi”, - deya ta'kidladi Q.Quronboyev.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining ma'lum qilishicha, Joriy yilning 1 sentabridan boshlab o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida «yoshlar yetakchisi» vazifasi yuklatilgan xodimga o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oliy ma'lumotli o‘qituvchi bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik ustama belgilanadi.

Mavzuga oid