Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aeroportdagi voqea: Oila – o‘zbek erkagi uchun eng muqaddas qo‘rg‘on
Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov Telegramdagi o‘z kanalida ajoyib post qoldirdi. Unda Zafar Hoshimov guvoh bo‘lgan voqea va bu hodisa ta'sirida yodga olingan xotiralar o‘z ifodasini topgan. Quyida ushbu post to‘laligicha havola etiladi.
Kecha Buxorodan uchib ketar chog‘imda g‘amgin va qalbni larzaga soluvchi voqeaga guvoh bo‘ldim. Ona va 6-7 yoshli ikki bolakay oila boshlig‘ini Domodedovo reysi tomon kuzatishardi. Anglashimcha, ota mehnat qilib pul ishlash maqsadida jo‘nab ketayotgan edi. O‘rta bo‘yli, oddiy chit ko‘ylak, sariq charmli poyabzal kiyib olgan, kaftida biroz g‘ijimlangan ro‘molchani mahkam ushlab olgan ayol esa har qancha o‘zini tutib, turmush o‘rtog‘iga dalda berish uchun jilmayishga harakat qilmasin, oftobda qoraygan yonoqlaridagi ko‘zyoshlar uning ichki kechinmalarini sotib turardi. Hech kim ko‘rmasligi uchun qo‘lidagi ro‘molcha bilan ularni tez-tez artardi. Bolalar hali ushbu hodisa mohiyatiga to‘lig‘icha yetmasada, oila uchun muhim bir voqelik sodir bo‘layotganini anglab turardilar. Yuz ifodalari jiddiy, qiyofalari mardona bo‘lsada, ko‘zlarida cheksiz g‘am gavdalanardi.
Nisbatan kattaroq ko‘ringan o‘g‘il (yoshi 7-8 dan oshmagani aniq) otasiga "Bizdan havotir bo‘lmang, dada", deya dadil bosh qimirlatdi. Xayrlashib bo‘lgach, erkak aeroport hududidagi chegara budkasidan o‘tish uchun kirish tomon yo‘naldi. Bu yerda militsiya xodimlari birma-bir sinchiklab taftish qilib, hujjatlarni tekshirib, faqatgina yo‘lovchilarni o‘tkazishar edi. Yana ikki-uch qadam yurgach, erkak qo‘qqisdan to‘xtab, bir on qotib turdi. Katta sport sumkasini yerga tashlab bir zumda ortga burilib yugurdi. Ikki o‘g‘lining yoniga yetib dast ko‘tarib, mahkam bag‘riga bosdi. Ayol esa burchagidan pushti gulcha ko‘rinib turgan oq ro‘molchasini g‘ijimlab ikki kafti bilan yuzini yopdi. Biror sas chiqmasdi. Shundagina oila boshlig‘ining yuzini ko‘rishga ilk bor muyassar bo‘ldim. Yumaloq, oftobda qoraygan, mehribon va shu bilan birga juda mardona chehra. Ota o‘g‘illarining yuzlarini yonog‘iga bosib ko‘zlarini qattiq yumdi. U atigi bir necha soniya davom etgan holatni xotirasiga muhrlashga intilgani sababmi, men uchun ayni lahzalar to‘xtab qolgandek tuyuldi.
Farzandlarini bag‘ridan olib yerga tushirgachgina qizarib ketgan ko‘zlariga razm soldim. Ana shu nigohlar bilan rafiqasiga qarab, tortinibgina unga qo‘lini cho‘zdi. Ular hadiksirab nihoyatda ta'sirli ko‘rinishda qo‘l ushlashdi. Quyilib kelayotgan hissiyotlar bo‘roni qanchalik kuchli bo‘lmasin, yosh ota-ona o‘g‘illari qarshisida o‘ta xayoli, pokiza bir holatni namoyon qilishdi. Shu tarzda ular xayrlashdilar. Ota shunda yana ortga burilib yerdagi og‘ir yukini qo‘liga oldi-da, biror marta orqasiga qaramasdan budkadan o‘tib shiddatli qadamlar bilan aeroport ichkarisiga intildi. Oila esa erkak ko‘rinmay ketganidan keyin ham bir zum qimirlamay uning iziga tikilib turar edi.
Otam ko‘p yillar mobaynida “Texnopromeksport” va “Zarubejenergostroy” guruhlari tarkibida avvaliga Iroqda, so‘ng Suriyada muhandis sifatida mehnat qilgan. Ular mazkur hududlardagi bir qator issiqlik energiya stansiyalarining qurilishida qatnashgan. Otam ilk marta safarga otlanganida men atigi 10 yoshda edim. 1978 yilning fevral oyidagi safardan oldingi kun hozirgidek yodimda. Endigina uyquga ketar chog‘im otam o‘rnimga yaqinlashib yon tarafga o‘tirdilar:
- Zafar, men ketgach, sen oilamizning bosh erkagi bo‘lasan. Ularga g‘amxo‘rlik qil, - dedilar.
Men o‘rnimdan gavdamni kutarib, o‘tirib oldim va otamni mahkam quchoqladim. Ayriliq damlarida tez-tez yodga oladigan lahzamni ongimga muhrlab olgandim o‘shanda.
Otam jami 8 yil umrini xorij safarlarida o‘tkazdi, deb o‘z postini yakunlagan Zafar Hoshimov.
Yon-atrofimizda ana shunday insonlar yo‘q emasmi? Bor, albatta. Ular shunchaki, sokinlik va sabr-matonat bilan o‘z ishlarini, to‘g‘rirog‘i burchlarini bajarishmoqda. Bu burch halollik, to‘g‘ri yo‘l bilan o‘z oilasini tebratish, farzandlarini voyaga yetkazishdan iborat. Post muallifi o‘zbeklardagi aynan mana shu hislatni e'tirof etgan, nazarimizda. Bu fazilat barchamiz uchun go‘zal o‘rnakdir.