Yevropani Toshkentga qanday manfaatlar yaqinlashtirmoqda?
Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik strategiyasini amalga oshirmoqda. U aniq bir iqtisodiy loyihalarga qaratilgan. Ammo bu hamkorlikning e'lon qilinmagan jihatlaridan biri respublikani YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Tarix fanlari nomzodi Aleksandr Shustovning eurasia.expert saytida e'lon qilingan maqolasida shu haqda fikrlar bildiriladi.
Bryusselga tashrif
Iyul oyining ikkinchi yarmida «O‘zbekiston-YeI» hamkorlik kengashining 13-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rahbarligidagi delegatsiya qatnashdi. Tomonlar muzokaralar yakunlariga ko‘ra, qator hujjatlarni imzolashdi. Hujjatlar orasida qishloq xo‘jaligi sohasida moliyaviy yordam berish bo‘yicha kelishuv ham bor. Unga muvofiq, YeI Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash maqsadida O‘zbekistonga 21,5 mln yevro miqdorida grant mablag‘lari ajratadi.
Toshkent va Bryussel, O‘zbekiston TIV matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, «keng qamrovli masalalar yuzasidan uzoq muddatli va o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirishga tayyorliklarini bildirdi». Chunki ikki tomon ham «terrorizm, diniy ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish»dan manfaatdor. Bundan tashqari, Abdulaziz Komilov YeIga raislik qilayotgan Estoniya rahbari Sven Mikser va Yevrokomissiyaning savdo bo‘yicha bosh direktorati bo‘limi rahbari Petros Surmelis bilan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga protokol imzolashdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining Bryusselga tashrifi arafasida Toshkentga YeKning xalqaro taraqqiyot va hamkorlik bo‘yicha bosh direktori Stefano Manservizi va YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Peter Burian rahbarligidagi delegatsiyasi O‘zbekistonga kelgan edi.
Muzokaralar chog‘ida, o‘zbek nashrlarining xabar qilishicha, S. Manservizi «Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy taraqqiy etishi va mintaqaviy barqarorlik saqlanishida O‘zbekistonning asosiy o‘rin tutishiga e'tibor qaratdi».
YeI vakillari, shuningdek, mamlakatda iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiyalash bo‘yicha o‘tkazilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorliklarini bildirishar ekan, bunda qishloq joylardagi xususiy sektor hamda energetika va suv zaxiralariga sarmoya kiritish imkoniyatlariga alohida diqqat qaratishgan.
XVJning O‘zbekiston uchun tavsiyalari
G‘arb Toshkentga yana bir muhim iqtisodiy siyosat – o‘zbek so‘mining erkin (bozor) kursini joriy qilishda yordam berishga shay. Iyul oyi boshida Markaziy bank, Moliya vazirligi hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi rahbarlaridan iborat delegatsiya vakillari Xalqaro Valyuta jamg‘armasining Vashingtondagi bosh qarorgohida bo‘lishdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsadlardan biri, Markaziy bank matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, «respublika valyuta bozorini liberallashtirish istiqbollari xususida fikr almashish bo‘lgan».
XVJ bosh direktori Kristin Lagard O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yozilgan javob maktubida respublikaga «texnik ko‘mak va iqtisodiy siyosat masalalari, xususan, valyuta tizimini liberallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berish yo‘li bilan yordam berishga va'da berdi».
Milliy valyuta kursining ma'muriy buyruqbozlik usulida boshqarilishi O‘zbekistonning jiddiy muammolaridan biri hisoblanadi. Chuqur iqtisodiy inqiroz davrida so‘mning ma'muriy boshqarilishi hukumatga aholi turmush darajasining tushib ketmasligi uchun so‘m kursining keskin o‘zgarishlariga yo‘l qo‘ymaslik, biznes rentabelligini ta'minlash, valyuta yetishmovchiligi va boshqa shu kabi muammolarni hal etish imkonini berdi. Ammo bu siyosat valyuta «qora» bozorini shakllantiradi va O‘zbekistonning xorijiy sarmoyadorlar nigohida jozibadorligini kamaytiradi. Ular olingan foydani Markaziy bank kursi bo‘yicha dollarga almashtirishlari kerak bo‘ladi, bu esa ishlab topilgan pulning bir qismini yo‘qotishga olib keladi.
O‘zbekistonda so‘mning bozor kursini joriy qilish zarurati haqida Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidanoq so‘z yuritila boshlandi. Ammo respublika hukumati bu masalada valyuta liberalizatsiyasi oqibatlaridan asosli ravishda xavfsiragan holda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga qaror qildi. Masalan, 2016 yil noyabr oyida O‘zbekiston hukumati ayrim tovar va xizmatlar eksportidan tushadigan valyutani majburiy sotish hajmini asta-sekinlik bilan tushirish haqida ma'lum qildi. Xalqaro Valyuta jamg‘armasi so‘mning bozor kursiga o‘tishida yordam berish bilan O‘zbekistonda ekspertlik darajasida o‘z o‘rnini mustahkamlab oladi. Shu bilan uning iqtisodiy siyosatiga ta'sir ko‘rsatib, Toshkentning Vashington va Bryussel bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashda yordam beradi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda asosiy davlat
Eslatib o‘tamiz, mashhur amerikalik strateg Zbignev Bzejinskiy «Buyuk shaxmat taxtasi»da Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida hududi kattaligiga qaramay Qozog‘istonni emas, balki O‘zbekistonni hal qiluvchi davlat sifatida baholagan edi. Unga ko‘ra, aynan O‘zbekiston ko‘psonli, etnik mazmunda asosan bir millatdan iborat hamda milliy o‘zligini anglashi nuqtai-nazaridan ancha rivojlangan aholiga ega. Shu boisdan ham u mintaqada yetakchilik qilishga bosh da'vogardir.
O‘zbekiston Qozog‘istondan farqli ravishda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi a'zosi hisoblanmaydi. Bu esa, unga birmuncha «erkin» tashqi siyosat yuritishga imkon beradi. Shu boisdan ham G‘arb, jumladan, YeI uchun eng kamida O‘zbekiston bilan munosabatlarini shakllantirishda – uning YeOIIga a'zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim hisoblanadi. Axir, G‘arb mamlakatlari bu ittifoqni «sobiq Ittifoqning yangilangan shakli» deb baholashadi.
Turli grant yordamlari, XVJ mutaxassislari tomonidan ekspertlik maslahatlari bu maqsadga juda munosibdir. Vazifani uddalash murakkabligi O‘zbekistonning Yevropadan uzoqligi va hududiy jihatdan o‘ralib qolganiga bog‘liqdir. Ammo diplomatiya uchun «boshqa shu kabi» davlatlar tajribasi ko‘rsatganidek, bu unchalik ham jiddiy holat hisoblanmaydi.
Aleksandr Shustov
Tarix fanlari nomzodi
Mavzuga oid
11:37 / 15.11.2024
YeI birinchi marta qurolni birgalikda sotib olishni moliyalashtiradi
08:08 / 14.11.2024
Borrel YeIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024