Jamiyat | 15:27 / 31.07.2017
3640
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada rossiyalikning 1,5 mln dollarini o‘zlashtirgan bank xodimi ushlandi

Foto: Flickr

Ispaniya fuqaro gvardiyasi mamlakatdagi banklardan birining xodimasini firibgarlikda gumon qilib hibsga oldi. Bu haqda Alikante viloyati huquq-tartibot idorasi axborotnomasiga asoslanib TASS xabar qilmoqda. 

Qo‘lga olish jarayoni Almoradi aholi punktida amalga oshirilgan. Tergov tomoniga ko‘ra, 51 yoshli ispaniyalik ayol moliyaviy muassasaning 25 yillik mijozi bo‘lgan 80 yashar rossiyalikka tegishli 1,5 mln dollar mablag‘ni o‘zlashtirib olgan. Ayol bank firibgarligi va hujjatlarni soxtalashtirishda gumon qilinmoqda. 

Surishtiruv ishlari bir oy muqaddam, rossiyalikning Ispaniya fuqarolik gvardiyasiga murojaatidan so‘ng boshlangan. Bunga uning bank xodimasi 25 yil mobaynida undan 1,5 mln mablag‘ini o‘zlashtirgani mumkinligi haqidagi ta'kidlari sabab bo‘lgan. Ma'lum bo‘lishicha, RF fuqarosi juda kam hollarda bank hisob raqamidan ma'lumotnoma so‘ragan, ammo iyun oyida u mablag‘ini boshqa bankka o‘tkazishga qaror qilgan.

U batafsil ma'lumotnoma bilan tanishgach, pullarning bir qismi yetishmayotganini aniqlagan. Tergov chog‘ida aniqlanishicha, aksar pul o‘tkazmalari mijoz moliyaviy amaliyotni bevosita tasdiqlay olmaydigan holatda, ya'ni Rossiyada bo‘lgan vaqtda amalga oshirilgan. 

Mijoz har safar Rossiyaga ketganidan so‘ng, uning hisobidagi mablag‘lar kamaygan. U hisob raqamidan ko‘chirma talab qilganida unga qalbakilashtirilgan hujjatlar taqdim etilgan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid