Jahon | 10:10
849
3 daqiqa o‘qiladi

2026 yil iyuni Ukraina uchun eng og‘ir oylardan biri bo‘ldi - BMT

2026 yil iyun oyi Ukrainada tinch aholi orasidagi qurbonlar soni bo‘yicha Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon eng og‘ir oy sifatida qayd etildi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni ketma-ket uchinchi oy o‘sishda davom etmoqda.

Bu haqda BMT Xavfsizlik kengashining 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida tashkilot bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari Dikarlo ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iyun oyida Rossiya hujumlari natijasida kamida 265 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana 1816 kishi turli darajada jarohat olgan.

Dikarlo ta’kidlashicha, bu raqamlar hozircha dastlabki hisoblanadi va keyingi tekshiruvlar natijasida qurbonlar hamda jabrlanganlar soni yanada ortishi mumkin.

Urush boshlanganidan beri 16 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri mamlakatda kamida 16 402 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Ular orasida 802 nafar voyaga yetmagan bola ham bor.

Shuningdek, to‘rt yildan ortiq davom etayotgan urush mobaynida 48 428 nafar tinch aholi jarohatlangan.

Iyul oyida ham qurbonlar soni o‘sishda davom etmoqda

BMT vakillarining ta’kidlashicha, tashvishli vaziyat iyul oyida ham saqlanib qolmoqda.

Rozmari Dikarloning aytishicha, Rossiyaning 2, 6 va 8 iyul kunlari Ukraina shaharlari markazlariga bergan zarbalari o‘nlab tinch aholining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan. U bu hujumlar muayyan takrorlanuvchi xarakterga ega ekanini qayd etdi.

BMTdagi Latviyaning doimiy vakili Sanita Pavlyuta-Deslande ma’lum qilishicha, faqat iyul oyining birinchi haftasidayoq Ukrainada Rossiya hujumlari natijasida kamida 93 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 500 nafardan ortiq kishi jarohat olgan.

BMT zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

BMT kuzatuvlariga ko‘ra, Ukrainada tinch aholi orasidagi qurbonlar soni har yili bahor va yoz oylarida ko‘payib kelgan. Biroq 2026 yildagi ko‘rsatkichlar avvalgi yillarga nisbatan ancha yuqori darajaga chiqqan.

Shu munosabat bilan Rozmari Dikarlo Ukrainada zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Uning ta’kidlashicha, bunday qadam BMT Nizomi, xalqaro huquq va BMTning tegishli rezolyutsiyalariga muvofiq adolatli, barqaror va keng qamrovli tinchlikka olib kelishi lozim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid