Jamiyat | 19:36 / 01.08.2017
7495
2 daqiqa o‘qiladi

Deputat so‘rovi bilan tarixiy qadamjo obodonlashtirilmoqda

Ma'lumki, Oliy Majlis quyi palatasi deputatlari hamda Senati a'zolari joriy yil may oyida Vobkent tumanida bo‘lib, fuqarolar bilan ochiq muloqotlar olib bordilar. Ana shu uchrashuv va muloqotlar davomida vobkentlik fuqarolar “Chashmai Ayyub” maqbarasini obodonlashtirish va uni turistik marshrutlar ro‘yxatiga kiritish masalasida yordam so‘rab murojaat qildilar. 
 
Shundan so‘ng O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi Qodir Jo‘rayev ushbu noyob obidani obodonlashtirib, uni mamlakatdagi turistik marshrutlar ro‘yxatiga kiritish masalasida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga deputatlik so‘rovi bilan murojaat qildi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi esa mazkur deputatlik so‘roviga ijobiy javob qaytarib, “Chashmai Ayyub” maqbarasi Madaniyat vazirligi, Buxoro viloyati va Vobkent tumani hokimliklari tomonidan maxsus davlat dasturi asosida obodonlashtirilib, bu yerda kerakli sayyohlik infratuzilmasi yaratilgandan so‘ng maqbara sayyohlik yo‘nalishlari ro‘yxatiga, albatta, kiritilishini ma'lum qildi. 

Ayni paytda ushbu tarixiy obida atrofida Buxoro viloyati hokimi rahbarligida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu yerdagi Abu Sa'd al Xarjushiyning qabri va quduq bir nechta saxovatpesha fermerlarning ko‘magi bilan qayta ta'mirlandi. Obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Mavzuga oid