Jahon | 17:00 / 01.08.2017
5412
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinish chog‘ida aviabazani egallab olganlar ustidan sud boshlandi

Foto: AP

Turkiyaning Anqara shahrida o‘tgan yilning iyulidagi harbiy to‘ntarishga urinish vaqtida “Akinji” aviabazasini egallab olishda ayblangan 486 kishi ustidan sud boshlandi. Bu haqda NTV telekanali xabar qilmoqda.

Isyonchilarning shtabiga aylangan “Akinji” bazasidan qiruvchilar va vertolyotlar havoga ko‘tarilgan bo‘lib, ular Turkiya parlamenti va Anqaradagi boshqa strategik obektlarga to‘ntarishga urinish paytida aviazarbalar bergan.

Jarayonda AQShda istiqomat qiluvchi muxolifatchi Fathulloh Gulen bosh ayblanuvchi sifatida o‘tmoqda. Prokuratura u va 44 nafar boshqa ayblanuvchiga umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini talab qilmoqda. Ta'kidlanishicha, 461 nafar ayblanuvchi hibsda, 18 nafari mamlakatdan chiqmaslik haqida tushuntirish xati yozib bergan, yetti nafari esa – qidiruvda.

Anqaradagi sud binosi yonida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. U yerda ayblanuvchilarga qattiq jazoni talab qilib namoyishchilar guruhi yig‘ildi. Politsiya ulardan sud binosidan uzoqroqqa borishni talab qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid