O‘zbekiston | 14:17 / 02.08.2017
18485
2 daqiqa o‘qiladi

Avgustning birinchi yakshanbasi temir yo‘l transporti xodimlari Kuni deb e'lon qilindi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 2 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari Kunini nishonlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmon matni davlat rahbari saytida keltirilgan.

Hujjatda ta'kidlanishicha, mamlakatda mustaqillik yillarida temir yo‘l sohasida tiklanish va yangi rivojlanishning murakkab yo‘li bosib o‘tildi. Bugungi kunda respublikada temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarining yagona tizimi yo‘lga qo‘yilgan va faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Farmon matnida aytilishicha, O‘zbekistonda mustaqillik yillarida temir yo‘l transporti kommunikatsiyalari va qo‘shimcha infratuzilmaning rivojlanishiga 7,5 mlrd dollarlik mablag‘lar yo‘naltirilgan, xorijiy sarmoyalar hajmi – 2,4 mlrd dollarni tashkil etdi.

Farmonga ko‘ra, 2017 yildan boshlab, avgust oyining birinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transport xodimlari Kuni deb e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimiyati, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda tashkilotlar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari Kunini tantanali sharoitda nishonlashni ta'minlash vazifasi topshirildi.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oylik muddatda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari Kunini nishonlash to‘g‘risida”gi tegishli Qonunini ishlab chiqish va ko‘rsatilgan tartibda uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi A.Ramatov zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid