19:10 / 06.08.2017
99946

Foto: Sirdaryodagi bozorda yirik yong‘in sodir bo‘ldi

Foto: Kun.uz

5 avgust kuni Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahridagi bozor hududida yong‘in ro‘y berdi. Ijtimoiy tarmoqda hodisa joyida olingan suratlar tarqaldi.

«Kun» sayti hodisa tafsilotlarini aniqlash uchun 6 avgust davomida harakat qildi (Dam olish kuni bo‘lgani tufayli FVV saytida ham, IIV saytida ham bu borada xabar berilmagan). Kunning ikkinchi yarmiga kelib IIV yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati «Kun» savollariga «istar-istamas» javob qaytarib, yong‘in haqida rasmiy ma'lumot berdi.

«5 avgust kuni Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida soat 18:27da Bunyodkor ko‘chasida joylashgan savdo majmuasidagi do‘konlarda yong‘in boshlandi. Ko‘rilgan choralar natijasida yong‘in soat 20:25da to‘liq o‘chirildi.

Yong‘in savdo majmuasi hududida 400 kv metrdan oshiq maydondagi do‘konlarga shikast yetkazgan. O‘t o‘chiruvchilarning sa'y-harakatlari natijasida tadbirkorlarning ma'lum qismining moddiy boyliklari evakuatsiya qilinib, saqlab qolindi», deya ma'lumot bergan «Kun» suhbatdoshi.

Yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar va tan jarohati olganlar yo‘q.

Hozirda hodisa tafsilotlari bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Yong‘in talofatlari aniq keltirilmagan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘in qisqa tutashuv natijasida kelib chiqqan.

Bu yong‘in haqidagi xabar yong‘in ro‘y berishidan rosa 24 soat o‘tib berilmoqda. Sayt hodisa haqida aniq ma'lumot berish uchun rasmiy manbalar bilan bog‘lanishga harakat qildi. Holbuki bu vaqtda mish-mish ko‘rinishida yong‘in vaqtida odamlar halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalayotgandi.

Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi Bosh boshqarmasida rahbariyat ruxsatisiz ma'lumot berilmasligi, yong‘in to‘g‘risidagi rasmiy ma'lumot dushanba kuni e'lon qilinishini bildirishdi.

Rasmiy ma'lumot so‘ralgan manbalardan biri esa «bu xabarni berish shartmi?» qabilida fikrlab, «odamlar kayfiyatini buzadigan xabar bermaslik, uning o‘rniga hukumat tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida yaxshi bo‘lishi» haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

Axborot olishdagi bu navbatdagi qiyinchilik ba'zi davlat idoralarida hamon «eskicha» ishlashda davom etilayotganini ko‘rsatmoqda.

 

Top