O‘zbekiston | 16:02 / 07.08.2017
16174
4 daqiqa o‘qiladi

Namangan muhandislik-qurilish institutida 4 ta fakultet ochiladi

Vazirlar Mahkamasining 25.07.2017 yildagi 540-son «Namangan muhandislik-qurilish instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarori e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 20.04.2017 yildagi PQ–2909-son Qaroriga muvofiq Namangan muhandislik-pedagogika instituti Namangan muhandislik-qurilish institutiga aylantirilgan edi 

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:

•  muhandislik, arxitektura, qurilish, mashinasozlik va kommunal xo‘jalik sohalarining tashkilotlari uchun yuqori malakali, raqobatbardosh va mehnat bozori talablariga mos kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta'minlash;
•  xorijiy mamlakatlar ta'lim muassasalarining tajribasini hisobga olgan holda tegishli muhandislik, arxitektura, qurilish va ishlab chiqarish yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish va ta'lim jarayoniga keng tatbiq etish, zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta'minlash, shu jumladan axborot-resurs markazlari fondlarini eng yangi xorijiy adabiyotlar bilan muntazam yangilab borish;
•  o‘quv-pedagogik faoliyatga, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor ta'lim muassasalaridan yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlarni keng jalb qilish, shuningdek iqtidorli magistrantlar, yosh o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarning xorijiy oliy ta'lim muassasalarida stajirovkadan o‘tishini, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishini tashkil qilish;
•  ilmiy salohiyatni mustahkamlash, ilm-fanning ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish;
•  yoshlarni vatanparvarlik va fidoyilik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, ma'naviy boy, har tomonlama kamol topgan, mustaqil dunyoqarashga va mustaqil fikrlashga ega bo‘lgan shaxs sifatida tarbiyalash;
•  oliy ta'lim muassasasining moddiy-texnika bazasini kadrlar tayyorlash yo‘nalishlariga muvofiq yanada mustahkamlash.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

•  Institutning tuzilmasi;
•  Institutning o‘quv jarayonini tashkil etishni takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar tarkibini to‘ldirish va zarur moddiy-texnika bazasini yaratish chora-tadbirlari dasturi.

Institutda 4 fakultet faoliyati yo‘lga qo‘yiladi:

•  Qurilish;
•  Muhandislik;
•  Transport;
•  Qurilish texnologiyasi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi 2017/2018 o‘quv yili boshlanishiga qadar Institutni o‘quv rejalari, fan dasturlari va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta'minlaydi.

Namangan muhandislik-qurilish institutining faoliyatini moliyalashtirish manbalari:

•  Davlat byudjyeti mablag‘lari;
•  xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
•  jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
•  xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
•  qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid