19:24 / 11.08.2017
21617

Samarqandda nogironlarga muruvvat ko‘rsatildi: ularga uy-joy va sovg‘a-salomlar topshirildi (foto)

Yurtimizda yuz berayotgan islohotlarda odamlarning ezgu orzulari va maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida tub ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Kuchli ijtimoiy himoya, kam ta'minlangan oilalar va jismoniy imkoniyatlari cheklangan insonlarni hartomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da bu ezgu ishlar ko‘lami tobora kengaytirilmoqda.

Samarqand viloyatida ikki kun davomida uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan xotin-qizlarga uy joyga egalik qilish huquqini beruvchi sertifikat hamda prezident sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Tadbirlarda Prezidentning davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov ishtirok etdi.

Prezidentning Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan fuqarolarning muammolarini hal etish, aholining huquq va manfaatlarini himoyalash, kam ta'minlangan, nogiron, mehnatga layoqati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hukumatimiz tomonidan 250 million so‘m mablag‘ ajratilgani qayd etildi.

Xalq qabulxonalariga uy-joy so‘rab murojaat etgan viloyatdagi 21 nafar nogiron fuqarolarni iqtisodiy ahvolini yaxshilash maqsadida «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyatining hududiy filiallariga kasanachi sifatida biriktirish belgilab qo‘yilgan edi. Ularning sharoitini o‘rganish bo‘yicha viloyat komissiyasi tuzildi va ro‘yxat shakllantirilib, «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi viloyat filiali ularni 2 xonali uy joylar bilan ta'minlashi haqida shartnomalar imzolandi. «O‘zpaxtasanoat» AJ esa avans tariqasida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun uylarning boshlang‘ich to‘lovlari — 12 mln. so‘mdan to‘lab berdi.

Shuningdek, xalq qabulxonalariga murojaat qilgan 16 nafar fuqaroga «Mahalla» xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan 2 sotixli uy-joylar qurilishi uchun boshlang‘ich to‘lovlar o‘tkazib berildi. 10 avgust kuni viloyat bo‘ylab bo‘lib o‘tgan tadbirlarda 37 nafar fuqarolarga uylar tantanali ravishda topshirildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i A.Jo‘rayevning Kun.uzga ma'lum qilishicha, Samarqand shahridagi «Mo‘'jiza» restoranida bo‘lib o‘tgan yakuniy tadbirda 206 nafar fuqaroga (shundan 40 tasi voyaga yetmagan bolalarga) nogironlik aravachasi, 40 nafar fuqaroga eshitish moslamalari va 250 nafar fuqaroga qultiqtayoqlar va hassa topshirildi.

Samarqand shahrida uyushtirilgan bayram tadbirida so‘zga chiqar ekan, viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev bunday ezgu ishlar debocha ekanligini, nogironlarni qo‘llab-quvvatlash keyingi yillarda ham kengroq ko‘lamda davom ettirilishini ta'kidlab o‘tdi.

Taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, yil oxirigacha viloyatda nogironlar uchun yana 62 ta uy-joy qurilishi belgilab olingan bo‘lib, buning uchun prezidentimiz tomonidan 650 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Tadbir davomida ijtimoiy faol nogironlardan ayrimlarini suhbatga tortdik.

— Men Jo‘rabek Samiyev, Urgut tumanining Kamangaroncha mahallasida istiqomat qilaman. Bolaligimdan nogironman. Lekin o‘z ustimda izlanib, teleradio uskunalar, DVD, ro‘zg‘ordagi choynak, dazmol, kir yuvish mashinasi kabi elektr buyumlarini ta'mirlash bilan shug‘ullanaman. Hukumatimiz va viloyat rahbarlarining bizga ehtirom ko‘rsatib, nogironlik aravachsi bilan ta'minlagani, sovg‘a-salomlar bergi uchun tashakkur bildiraman. Uylanganman, uch nafar farzandim ham bor. Kelgusidagi niyatlarim — ishxonamni kengaytirish, shogirdlar tayyorlash. Buning uchun o‘zim alohida uyga ko‘chib o‘tishim kerak. Albatta, murojaatlarimni e'tiborga olib, menga ham yangi qurilayotgan namunali uylardan ajratishsa kelgusidagi ishlarimni rivojlantirishda qo‘l kelar edi.

— Men Eshboyeva Bo‘ston, Ishtixon tumanining Mitan qo‘rg‘onida yashayman. Tikuvchilik bilan shug‘ullanaman. Mahalla-ko‘ydan tushadigan buyurtmalarni qabul qilar edim. Endi davlat korxonalaridan ham buyurtmalar tusha boshlayapti. Bugungi tadbirdan ko‘nglim juda ko‘tarildi. Berilgan e'tibor va sovg‘a-salomlar uchun mutasaddilarga tashakkur izhor etaman.

Tadbir davomida yig‘ilganlarga dasturxon yozildi, viloyat musiqali drama teatri aktyorlarining chiqishlari va samarqandlik taniqli xonandalarning ko‘y-qo‘shiqlari taqdim etildi.

Xalqimiz azaldan o‘z saxovati, mehr muruvvati bilan dong qozonib kelgan. Albatta, bunday xayrli tadbirlarni davlatimiz rahbari, hukumatimiz va viloyat rahbarlarining o‘zlari bosh-qosh bo‘lib o‘tkazayotgani juda katta ahamiyatga ega. Jismoniy imkoniyati chegaralangan insonlarning jamiyatimizning to‘laqonli a'zosi ekanligini bot-bot bildirib turish, ularga moddiy va ma'naviy ko‘mak ko‘rsatish har birimizning burchimizdir.

 

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri, Samarqand.

Top