11:40 / 11.08.2017
48564

Video: Deputatning efir vaqtidagi imosi internet foydalanuvchilari jig‘iga tegdi

«Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi vakili, Qonunchilik palatasi deputati Dilfuza Jalilova efir vaqtidagi harakati internet foydalanuvchilari e'tirozlariga sabab bo‘ldi.

«O‘zbekiston» telekanalining «Munosabat» ko‘rsatuviga oid video internetga joylashtirilgan. Ushbu ko‘rsatuvga «Adolat» va «Milliy tiklanish» partiyalari vakillari taklif etilgandi. Bevosita muloqot chog‘ida Chashmai Ayyub maqbarasi fragmenti O‘zbekistondan o‘g‘irlab olib chiqib ketilgani masalasida bahs yuzaga kelgan.

Auditoriyadagilar deputatlarga qarata savol bilan yuzlanib, bu masalada Buxoro viloyati xalq kengashi hech ish qilmayotgani, Qonunchilik palatasi deputatlari qonun ijrosi bo‘yicha nazorati qilmayotganini keltirishgan.

Bunday e'tirozga javoban deputat Dilfuza Jalilova «Bor, bor, bor rolimiz» deya javob qaytargan va partiyadoshlari tomon burilib, ko‘z qisib qo‘ygan.

Ushbu videolavha ostida fikr bildirgan internet foydalanuvchilarining aksar qismi deputatning bu imosi tufayli unga qattiq e'tirozlarini ifoda etib, uning so‘zlarini yolg‘on deb atashmoqda.

Top