12:43 / 14.08.2017
17233

Abituriyentlar TATU magistratura bosqichi imtihonlarida haqqoniylik va shaffoflik talabida

Foto: tatu.uz

Ta'lim sohasi davlatimiz iqtisodiyotida, uning kelajagida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalishga har yili byudjyetdan katta mablag‘ ajratiladi. Bu mablag‘lar bilimli abituriyentlarni tanlab, ularni yetuk kadr chiqarishga mo‘ljallangan. Bilimli abituriyentlarni tanlashda bakalavr yo‘nalishida test sinovlari tashkil etilgan. Bu yildan boshlab test sinovlarini shaffof, adolatli o‘tishi uchun salmoqli ishlar olib borildi.  Kun.uz tahririyatiga bir guruh abituriyentlar tomonidan yo‘llangan murojaatda esa imtihonlar vaqtida adolat va shaffoflik mezonlari buzilgani tilga olinadi. Quyida mazkur maktub o‘zgartirishlarsiz havola etilmoqda.

“Hurmatli Kun.uz sayti xodimlari! Sizlarning jamiyatimiz hayotidagi muhim xabarlar, kuzatilayotgan muammo va kamchiliklarni ommaga ma'lum qilish orqali mutasaddi tashkilotlarning javobgarligini, e'tiborini qaratayotganligingizni saytda e'lon qilinayotgan maqolalardan kuzatib kelmoqdamiz.

Ta'lim sohasi davlatimiz iqtisodiyotida, uning kelajagida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalishga har yili byudjyetdan katta mablag‘ ajratiladi. Bu mablag‘lar bilimli abituriyentlarni tanlab, ularni yetuk kadr chiqarishga mo‘ljallangan. Bilimli abituriyentlarni tanlashda bakalavr yo‘nalishida test sinovlari tashkil etilgan. Bu yildan boshlab test sinovlarini shaffof, adolatli o‘tishi uchun salmoqli ishlar olib borildi. 

Lekin magistratura bosqichiga qabul qilishda yozma va og‘zaki imtihonlar qo‘llanib kelinmoqda.

Biz Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga magistratura bosqichiga qabul jarayoni va imtihonlardagi haqqoniylik va shaffoflikni ko‘ra olmayotganligimiz uchun Sizga ushbu xatni jo‘natmoqdamiz. Bunday fikrga kelishimizga quyidagilar sabab bo‘lmoqda:

1. Imtihon topshirish uchun auditoriyalarga taqsimlash, imtihonlar javoblari ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha emas, umumiy tartibda shakllantirilgan. Ya'ni «Kompyuter injiniringi», «Telekommunikatsiya injiniringi», «Dasturiy injiniringi» va boshqa yo‘nalishlarga topshirayotgan abituriyentlar aralashtirilib guruhlarga ajratilgan. Bunda ularning qaysinisi qaysi yo‘nalishga topshirayotganligini bilish qiyin. Bu jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga halaqit beradi.

2. Birinchi imtihon jarayonida huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari ishtirok etgandi. Natijalar ham adolatli chiqqandi. Keyingi imtihonlarda bu xodimlar ishtirok etmayapti.

3. Imtihon jarayoniga ayrim abituriyentlarga shpargalga, telefon, hattoki butun boshli sumka olib kirishlari uchun imkoniyat yaratilgan. Ularga hech kim qarshilik qilmayapti.

4. Ayrim abituriyentlar kuzatuvchi tomonidan auditoriyadan shpargalka, telefon foydalanganligi uchun chiqarib yuborilganida TATU qabul komissiyasida ishlovchi xodim (Shakarov) tomonidan auditoriyaga qaytadan olib kirildi. Auditoriyadagi abituriyentlar bu abituriyent qaysi yo‘nalishdaligini bilmaganligi uchun e'tiroz bildirishni, ularning ko‘ziga yomon ko‘rinishni o‘ziga ma'qul ko‘rmaydi.

5. Qabul komissiyasi a'zolari imtihon vaqtida auditoriyaga kirishini, imtihon olayotganlar bilan nimalarnidir gaplashishini bir necha marotaba kuzatdik.

6. Birinchi bo‘lib o‘tgan mutaxassislik fanlari bo‘yicha imtihonlarga 100 ball ajratilgan bo‘lib, saralash bali 55 foizdan kam bo‘lmasligi nizomda ko‘rsatilib qo‘yilgan. Lekin birinchi imtihon yakuniga 56 balldan kam ball to‘plagan abituriyentlar apellyatsiya topshirishlari mumkin. Apellyatsiya jarayonida xolisona baho qo‘yilganligiga shubhamiz bor. Chunki ayrim talabalarga appelyatsiyaga kirgan abituriyentga faqat qo‘ygan balini isbotlab (abituriyentni eshitmasdan) chiqarib yuborilgan bo‘lsa, ayrim juda past ball olganlar keyingi imtihonga o‘tkazilgan. Bu keyingi imtihonga o‘tkazilgan talabalar ikkinchi imtihonda ko‘pchilik abituriyentlarga nisbatan yuqori ball olganligi bizni bu abituriyentlarga kimdir yordam qo‘lini cho‘zayapti, degan shubhaga borishimizga majbur qilyapti. Buni abituriyentlar tomonidan to‘plangan ballarni tahlil qilsangiz tushunib yetasiz.

7. Ayrim abituriyentlar bilan suhbatlashganimizda imtihon o‘tkazilgan kuni kechqurun chaqirib olinib, takroran yozdirayotganligini eshitdik. Albatta, bu birovlarning gapi, buni isbotlash uchun universitet hududiga o‘rnatilgan kameralar yordamida aniqlash mumkin.

Magistratura bosqichiga bituruvchilar ichidan eng bilimlilari, ilmiy salohiyatli talabalar qabul qilinishi juda muhim. Chunki ular 2 yildan so‘ng assistent o‘qituvchi lavozimiga yoki sohada yetakchi mutaxassislar sifatida ishga qabul qilinadi. Bilimsiz abituriyentlarni qabul qilishdan davlatimizga qanchalik zarar keltirishini o‘zingiz yaxshi bilasiz.

Biz imtihonlar adolatli va shaffof o‘tishi uchun taklifimiz:

- Keyingi imtihon jarayonlarida Kun.uz xodimlari ishtirok etish;
- appelyatsiya topshirish orqali ballari oshirilgan talabalarning shu ballga munosibligini mustaqil komissiya tomonidan tekshirib ko‘rish;
- imtihon natijalarini yo‘nalishlar bo‘yicha chiqarish;
- barcha imtihonlarning o‘tish jarayonida va ishlarni baholash jarayonida huquqni himoya qilish organlari xodimlari ishtirok etishini ta'minlash;
- yozganlarimiz ko‘z bilan ko‘rganmiz, lekin yozib olish uchun yonimizda telefon bo‘lmagan, shu sababli universitet binosining tashqi va ichki tomoniga o‘rnatilgan kameralarni tekshirish (universitet rektori 1 avgust sinovlari oldidan test sinovlari shaffofligini ta'minlash maqsadida har bir auditoriyaga kamera o‘rnatilishini televideniye orqali ma'lum qilgandi).

«Ustoz — ulug‘ zot, uni otangdek ulug‘la», deb xalqimiz bekorga aytmagan. Bu xatni yozishdan oldin ming marta istihola qildik, lekin ko‘z oldimizda adolatsiz harakatlar bo‘layotganligi uchun shunday qarorga keldik. Chunki ular bizni o‘qitgan, o‘qishga kirsak yana o‘qitadi, ko‘z ko‘zga tushadi. Biz keyingi imtihonlarda o‘zimizga muammo orttirmaslik uchun ism, sharfimizni ko‘rsatilishini hohlamadik”.

Bir guruh abituriyentlar
 

Top