O‘zbekiston | 19:34 / 14.08.2017
6471
3 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi tomonidan «Mening ovozim: xalq bilan muloqot» tok-shousi o‘tkazildi

Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini tashkil etish hamda ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shuningdek, davlat va jamiyatni har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish sohasida bir qator vazifalar belgilab berildi.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 12 avgust kuni «Zarafshon» tadbirlar zalida Adliya vazirligi tomonidan mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bir qator davlat tashkilotlari mas'ul xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari va vakillari ishtirokida «Mening ovozim: xalq bilan muloqot» tok-shousi tashkil etildi, deb xabar beradi adliya vazirligi axborot xizmati.

Ta'kidlanganidek, fuqarolik jamiyati institutlari tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarini tobora rivojlantirish, ularning chinakam mustaqilligini taminlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, faoliyatini tashkiliy-huquqiy, moddiy-texnikaviy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish muhim vazifalardan biri sanaladi.

Shunga ko‘ra, mazkur tok-shou davomida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishdagi rolini mustahkamlash va ularning faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan vazifalar haqida o‘zaro fikr almashilib, nodavlat notijorat tashkilotlariga tegishli qonun hujjatlari talablari, ularning huquq va majburiyatlari hamda berilgan imtiyozlar haqida aytib o‘tildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga javob berilib, ularning bildirgan fikr-mulohazalari va takliflari asosida kelgusida bu borada qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Tok-shou konstruktiv va samarali mazmunda bo‘lib o‘tdi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid