Jahon | 22:57 / 14.08.2017
13539
2 daqiqa o‘qiladi

Antarktida muzliklari ostida 90 vulqon borligi aniqlandi

Foto:Mark Ralston/Pool Photo via AP, File

Edinburg universitetining tadqiqotchilar guruhi Antarktidaning g‘arbiy qismidagi muz qalqon ostida 91 vulqon yashiringanini aniqladi. Geologlarning fikricha, bu sayyoradagi eng yirik vulqonlar kamari bo‘lishi mumkin. Britaniyaning The Guardian gazetasi shu haqida xabar berdi. 

"Biz hayratdamiz. Bunchalik ko‘p bo‘lishini kutmagan edik. Antarktida g‘arbida bizga ma'lum bo‘lgan vulqonlar soni ikki barobarga ko‘paygan", - dedi muzliklar bo‘yicha mutaxassis Robert Bingem. Bunga qadar bu mintaqadagi olimlar 47 vulqonni aniqlashgandi. 

Manbaga ko‘ra, ikki kilometrli muz qalqon ostida aniqlangan vulqonlarning balandligi 100 metrdan 3850 metrgachani tashkil qiladi. 

"Biz shuningdek Rossa muzligi shelfi ostida yashirin,  dengiz tubida yanada ko‘p vulqon borligini taxmin qilyapmiz. Shu bois bu yerni - dunyodagi eng katta vulqonlar konsentratsiyasi aniqlangan mintaqa deyish mumkin, hatto Afrikaning sharqiy qismidan ham ko‘proq", - qo‘shimcha qildi Bingem. 

Endi mutaxassislar vulqonlar qanchalik faol ekanini aniqlashni rejalashtirishmoqda. 

Mavzuga oid