Jahon | 12:33 / 14.08.2017
9885
11 daqiqa o‘qiladi

Ish o‘rni ko‘paytiriladimi: Qashqadaryo viloyati mutasaddilari ushbu masala yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi

Kun.uz tahririyatining ijodiy jamoasi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” doirasida Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi. Viloyat aholisi tomonidan tahririyat elektron pochtasiga kelib tushgan murojaatlarning aksari o‘z o‘rnida o‘rganildi va shu asosda qator maqolalar ham e'lon qilindi. Shu bilan birga, ko‘p sonli murojaatlar Qashqadaryo viloyat hokimligiga ham taqdim etildi va ularga javob olindi.

Murojaatlarda o‘z ifodasini topgan yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlikni rivojlantirish, bozorlardagi holat va narx-navo mavzusiga ham viloyat mutasaddilari javob yo‘llashdi.

Murojaat: “Assalomu alaykum. Savollarim quyidagilardan iborat: 
1. Bozorda narxlar nimaga ko‘tarilib ketyapti? Ish haqi ko‘tarilgani yo‘q-ku? 

2. Plastik kartochkani bankda naqdlashtirish masalasini kim hal qiladi? Yuqori foizga ish haqimizni naqd pulga almashtirib, oyligimizning 15 foizini kimlarningdir kredit foizini yopish uchun topshiraveramizmi?

3. Go‘sht narxi ko‘tarilyapti, buning asosiy sababi omuxta, yem-shrot, sheluxa sotuvchilar. Ularni nazoratini kuchaytirish kerak. O‘shanda go‘sht narxi pasayadi. Ularni kim nazorat qiladi?

4. Barcha viloyatlarda benzin AYoQShda sotiladi. Nima uchun Qashqadaryoda benzin AYoQSh yonida, bakalashkalarda sotiladi? Bundan kimlar manfaatdoru nimaga oldi olinmaydi? Har bir yoqilg‘i quyish shoxobchasiga benzin beriladi. Berilgan benzin to‘g‘ridan-to‘g‘ri bakalashkalarga quyilmoqda”.

1.Bozor iqtisodiyoti sharoitida mahsulotlar narxlari ko‘proq o‘zaro bozor qonunlari asosida tartibga solinadi. Shuningdek, faqatgina davlat resurslari hisobidan ajratiladigan mahsulotlarga aniq narx belgilab beriladi.

Barchamizga ma'lumki bozorlarimizda to‘kin-sochinlikni ta'minlash orqali narxlar barqarorligini saqlash maqsadida davlatimiz tomonidan alohida oziq-ovqat Dasturi amalga oshirilmoqda. Masalan, joriy 2017 yilda ham 359 mlrd so‘mlik 838 ta loyiha, xususan, 359 ta chorvachilik, 53 ta parrandachilik, 51 baliqchilik, 39 ta asalarichilik, 77 gektar issiqxonalar, 27 ming tonnalik sovutgichli sig‘imlarni tashkil qilinayotganligi bozorlardagi to‘kinlik va narx-navolarni arzonlashtirishga qaratilgan. Bundan tashqari, bozorlarda narxlarni arzonligini ta'minlash maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari ishtirokida har bir tumanda ishchi guruhlar tashkil qilingan bo‘lib, ular tomonidan doimiy monitoring tadbirlari olib borilmoqda.

2. Bugungi kunda viloyatimizda 64 ta bank filiali faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ushbu filiallarning barchasida fuqoralarning plastik kartochkasidaga pul mablag‘lari belgilangan tartibda, cheklovlarsiz naqdlashtirib beriladi. 

Agar tijorat banklari tomonidan bunday xizmatlar ko‘rsatish jarayonida noqonuniy ravishda ustama foizlar talab etilsa, Markaziy bank viloyat Bosh boshqarmasining ishonch telefonlariga (221-16-55, 221-13-99) murojaat qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

3. Albatta go‘shtning narxi uning tannarxiga ta'sir qiluvchi omuxta yem, shrot, sheluxaning narxiga juda bog‘liq. 

Shuning uchun, birinchi navbatda, omuxta yem, shrot, sheluxani belgilangan narxlarda aholiga yetkazib borilishini ta'minlash bo‘yicha, ayniqsa, ularni olibsotarlar qo‘liga chiqib ketmasligining oldi olish maqsadida viloyat IIB, SVOJJDLQ departamenti, Davlat soliq boshqarmasi, viloyat omuxta yem, shrot, sheluxa sotish birlashmasi hamkorlikda nazorat tadbirlarini kuchaytirganlar.

Bundan tashqari, jamoatchilik tashkilotlarida alohida guruhlar tashkil qilinib, ular qassoblar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishyapti.

4. Viloyatimizda Qarshi va Shahrisabz neft mahsulotlari korxonalari  tomonidan AYoQShlar orqali avtobenzin mahsuloti chakana savdosi amalga oshirib kelinadi. Keyingi  paytlarda  neftni qayta ishlash korxonalari tomonidan belgilangan grafik doirasida avtobenzin maxsulotining yetkazib berish kamayganligi  sababli mahsulot tanqisligi kelib chiqib, tabiiyki, bundan ayrim olg‘ir “tadbirkorlar” o‘z manfatlari yo‘lida foydalanishga harakat qilmoqda. Bunday noxushliklarning oldini olish maqsadida davlat soliq, SVOJJDLQ departementi, Neftgazinspeksiya viloyat bo‘limlari hamkorlikda doimiy ravishda nazorat tadbirlarini olib borib, chayqovchilarga qarshi kurash olib borilmoqda. 

Murojaat: “Assalomu alaykum. Qishlog‘imiz aholisi yildan yilga ko‘payib bormoqda. Fuqarolar ro‘zg‘or tebratish uchun har yili bahor eshik qoqishi bilan qahraton qishgacha Rossiyaga ishlagani ketishadi. To‘g‘ri, ularning ko‘pchiligi oliy ma'lumotli emas, lekin qurilish ishlarida qishloqdoshlarimga yetadigani yo‘q. Hozir qishlog‘imizda kollej yoshidagi o‘quvchilar va ellikdan oshgan kishilardan boshqa kuchga to‘lgan erkaklarning 70 foizi (taxminan) Rossiyada ishlashmoqda. Viloyatimizda ular uchun ish o‘rni yaratilsa-yu kuchga to‘lgan yigitlar o‘z yurtida baland-baland imoratlar qursa, davlatimizga foydagi tegsa deyman. Boshqa tomondan olib qaraganda, ularning farzandlari ota tarbiyasi, mehridan mosuvo. Ayb kimda? Aybdorni izlashning hojati yo‘q. Shunchaki tumanimizda katta-katta firmalar, korxonalar qurib ularni ish bilan ta'minlash zarur. 2017 yilning 6 mayida “Aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas'uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori ayni muddao bo‘ldi”.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 13 dekabrdagi SQ-124-III-sonli qaroriga muvofiq Qashqadaryo viloyatida 2017 yilda aholi bandligini ta'minlash dasturi tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra viloyatning 71537 nafar ish bilan band bo‘lmagan aholisi bandligini ta'minlash nazarda tutilgan.

- iqtisodiy dasturlarni amalga oshirilishi hisobiga 14575 ta;

- faoliyat ko‘rsatmaydigan korxonalarni tiklash va davlat obektlarini ijaraga berish yoki xususiylashtirish bo‘yicha 1617 ta; 

- aholiga tijorat banklarining mikrokreditlarini berish orqali 12 817 kishi;

- yakka tartibdagi tadbirkorlar va ularga yollanib ishlashga 7317 ta; 

- mavjud korxona va tashkilotlar, shuningdek, kichik biznes sub'yektlari uchun amaldagi imtiyozlarni saqlab qolinishi hisobiga ish o‘rinlarini 6800 taga ko‘payishi; 

- byudjyet tashkilotlarida tabiiy holatga ko‘ra, pensiyaga chiqadiganlar, ko‘chib ketadiganlar, vafot etadiganlar hisobiga 2810 ta ish joyi bo‘shashi orqali aholi bandligini oshirish nazarda tutilgan.

Xususan Shahrisabz tumanida ham 2017 yilda 6926 nafar aholining bandligini ta'minlash nazarda tutilgan.

Xususan: barqaror ish joylari yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, sanoat yo‘nalishida 162 ta loyihani amalga oshirish orqali 648 ta; 28 ta xizmat ko‘rsatish loyihasi hisobiga 110 ta va 129 ta qishloq xo‘jalik maxsulotlarini qayta ishlash loyihasini amalga oshirish orqali 516 ta ish joylari tashkil etish va ularga band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirish ko‘zda tutilgan.

Murojaat: “Assalomu alaykum. Qashqadaryoni ko‘zga ko‘ringan muammosi ishsizlik va tomarqa masalasidir. Bu muammolar Kitob tumanida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Kitob tumanining 70-80 foiz yoshlari Rossiya, Qozog‘istonga va O‘zbekiston bozorlarida ishlayapti. Ular shu yerda ish bo‘lsa, ishlashga rozi. Lekin ish yo‘q. Viloyat hokimiga murojaatim Kitob tumanida bitta ko‘zga ko‘rinadigan zavod yoki fabrika qachon quriladi? Qachon Kitob aholisi uzoqda emas, oilasi bag‘rida ishlaydi?”

Kitob tumanida 2017 yil sanoat yo‘nalishida 40204.0 mln so‘m va 4.0 mln dollar xorijiy investitsiyalar evaziga 115 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 1071 ta barqaror ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. 

Xususan Kitob tumanidagi EAST AGRO INTERNATIONAL mas'uliyati cheklangan jamiyat 500 mln so‘m mablag‘ hisobiga meva-sabzavotlarni qayta ishlash (konserva mahsulotlari) loyihasini 1 avgustga qadar amalga oshirish orqali 60 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.  

"Kitob regno" O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasi 9.0 mlrd.so‘m hamda 4.0 mln.AQSh dollari hisobiga 1 dekabrga qadar charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha 50 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Murojaat: “Assalomu alaykum. Men viloyat xokimidan biznes rejamni amalga oshirishda amaliy yordam so‘rab mo‘rojaat qilmoqchiman.

Qisqacha mazmuni Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz tumanida meva-sabzavotni qayta ishlaydigan zavod ochmoqchiman. Ushbu rejani amalga oshirish uchun investor va biznes loyiham tayyor.

Muammo joy masalasi bo‘lyapti. Ya'ni, Shahrisabz shahrining “Do‘stlik” mahallasi, S.Ayniy ko‘chasida joylashgan “Ertest” anchadan beri faoliyat ko‘rsatmay kelmoqda. Shu joyni nol qiymatga olishda amaliy yordam so‘rab, ushbu biznes loyihamni amalga oshirmoqchi edim. Maqsad Shahrisabzda yangi zavod qurish va 300 dan ortiq ish o‘rini yaratish.

Hurmat bilan Sanjar Qurbonov”

Shahrisabz shahrining “Do‘stlik” mahallasi, S.Ayniy ko‘chasida joylashgan “Ertest” “Qashqadaryo agroservis” MTP MChJning hisobiga turgan Kitob tuman bo‘limi hisoblanadi.

Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan binolarini begonalashtirish va sotish O‘zbekiston Respublikasining mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risidagi qonuniga asosan amalga oshirilishi belgilab quyilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2796-sonli qaroriga asosan “Qashqadaryo agroservis” MTP MChJ tomonidan Kitob MTP (sobiq “Ertest”) bino va inshootlarida 2017 yilda bog‘ va issiqxona, tovuq, quyon va qoramol boqishni tashkil etish belgilangan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid