Jahon | 20:39 / 17.08.2017
30986
3 daqiqa o‘qiladi

Yana ikki o‘lim: Saudiya Arabistoni so‘nggi to‘rt oyda uch shahzodasidan ayrildi

Foto: Reuters

Payshanba kuni e'lon qilingan shahzoda Bandar ibn Fahd ibn Sa'd Ol Saudning o‘limi Saudlar qirollik oilasining so‘nggi to‘rt oyda uchinchi bor o‘z o‘g‘lonlaridan ayrilayotganini anglatadi.

Saudiyaning SPA yangiliklar agentlining tarqatgan xabariga ko‘ra Bandar ibn Fahd ibn Sa'd ibn Abdurrohman Ol Saud chorshanba kuni olamdan o‘tgan. Uning o‘limi sabablari ochiqlanmayapti.

Ismsiz tosh...

Bugun kechqurun Ar-Riyozning markaziy masjidlaridan birida janoza namozi o‘qiladi va kafanlangan shahzoda yerga qo‘yiladi. Ultrakonservativ qirollikda qabul qilingan qoidalarga ko‘ra, marhumning inilari va jiyanlari uni ortiqcha dabdabalarsiz dafn etishadi va qabriga bir dona ismsiz tosh qo‘yishadi.

Marhum shahzoda haqida ko‘p narsa ma'lum emas. U Saudiya Arabistoni asoschisi qirol Abdulaziz Ol Saudning to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodi emas, shu sababli u taxtga vorislik qilish huquqiga ega emasdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodlardan farqli o‘laroq, qirol Abdulazizning jiyanlari «Qirol hazrati oliylari» unvonidan mahrum, ularga shunchaki «Janobi oliylari» deb murojaat qilishadi. Eremnews axborot agentligining ma'lumotlariga ko‘ra, marhum shahzoda mahalliy futbol klublaridan biri — «Al-Hilol»ning rahbariyatida ishlagan va Saudiya Arabistonining qaror chiqaruvchi doiralaridan yiroqda bo‘lgan.

Yana ikki o‘lim

Shunisi e'tiborliki, o‘n kuncha muqaddam 8 avgust kuni Saudiya Arabistoni qirollik oilasi yana bir shahzoda — Salmon ibn Abdulloh ibn Turkiy Ol Saudning vafotini e'lon qilgan edi. Eremnews marhumning yaqinlariga tayanib, shahzoda 26 yoshda bo‘lgani, o‘limiga esa yurak xuruji sabab bo‘lganini xabar qilgan edi.

Shu yilning may oyi boshlarida 92 yoshida yana bir shahzoda — qirollik asoschisining o‘g‘li Mashal ibn Abdulaziz Ol Saud hayot bilan vidolashgan edi. Shahzoda Mashal turli yillarda mudofaa va aviatsiya vaziri lavozimida ishlagan, shuningdek Saudiya Arabistonida nufuzi juda yuqori bo‘lgan qasamyod kengashi rahbari bo‘lib ishlagan.

OAVlarning ma'lumuotiga ko‘ra, Saudiya Arabistonida 5 mingdan ziyod shahzoda yashaydi. Ularning bir qismi qirollik asoschisining to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodlari hisoblanadi va yuqori darajadagi davlat lavozimlarida ishlashadi.

Mavzuga oid