09:38 / 17.08.2017
9911

“Milliy tiklanish" demokratik partiyasi tomonidan tashkil etilgan “Xizmat-beminnat” o‘quv-kurslari qanday natija bermoqda?

Ma'lumki, O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan hududlarda uyushmagan yoshlarga bepul ta'lim berish va ularni kasbga yo‘naltirish maqsadida #XIZMATBEMINNAT o‘quv-kurslari tashkil etilmoqda. Jumladan, ana shunday bepul o‘quv kurslardan 17 tasi Jizzax viloyatida tashkil etildi. Mazkur kurslarda 140 nafarga yaqin uyushmagan yoshlarga qo‘shimcha bilim berildi, kasb-hunarga yo‘naltirildi.

Partiyaning “Xizmat-beminnat” o‘quv kurslari loyihasi O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida yoshlarga oid belgilangan vazifalarni amalga oshirish, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi va “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Mazkur o‘quv kurslari uyushmagan yoshlarga bepul qo‘shimcha bilim berish, sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.

“Xizmat-beminnat” o‘quv-kurslarida tahsil olgan uyushmagan yoshlar joriy yilning 1 avgust kuni mamlakatimizda turli oliy o‘quv yurtlariga kirish imtixonlarini topshirib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Va nixoyat, 2017 yilning 15 avgust sanasida barcha abituriyenlar va ularning ota-onalari orziqib kutgan kun - OTMga kirish uchun bo‘lib o‘tgan test sinovlari natijalari e'lon qilindi. Shu kuni O‘zMTDP Jizzax viloyat kengashiga ajoyib hushxabar yetib keldi. Jizzax Davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Sardor O‘sarov rahbarlik qilgan “Xizmat-beminnat” o‘quv-kursida tahsil olgan yoshlarning ikki nafari talaba degan nomga sazovor bo‘ldi. Jumladan, Jizzax viloyati, Zafarobod tumani, Pistalikent shaharcha fuqarolar yig‘inida yashovchi Jumanov Shohrux Jizzax davlat pedagogika instituti Fizika matematika fakulteti informatika yo‘nalishiga 2 o‘rinda davlat granti asosida, shuningdek, Jizzax shahar Hamza mahallasida yashovchi Abdug‘aniyev Ayrosiyob Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Dasturiy injiniring yo‘nalishiga to‘lov shartnoma asosida talabalikka qabul qilindi. 

IMG_0473.JPG

- Men yoshligimdan fizika faniga qiziqaman. O‘tgan yili kasb-hunar kollejini tamomlab, OTMga shu yo‘nalish bo‘yicha xujjat topshirdim. Ammo, kirish imtixonlarida ko‘zlangan natijaga erisholmadim. O‘qishga bo‘lgan qiziqishim sababli bilimimni yanada mustahkamlash maqsadida qo‘shimcha o‘quv-kurslarida o‘qishni reja qildim. Lekin ba'zi sabablarga ko‘ra menda shu yo‘nalish bo‘yicha o‘qish imkoniyati bo‘lmadi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan “Xizmat-beminnat” o‘quv kurslari tashkil etilganligini eshitib xursand bo‘ldim va birinchilardan bo‘lib o‘qishga yozildim, - deydi Shohrux Jumanov o‘z hayajonlarini yashirolmay. - Mazkur kursda o‘qituvchimiz Sardor O‘sarov rahbarligida fizika fanidan bilimlarimni mustahkamladim. Mana bugun esa talaba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldim. Menga shunday imkoniyatni yaratib bergan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Men ayni damda partiyaning “Yoshlar qanoti” faoli ham bo‘lib, bu kabi loyihalarni tashkil etilganligi partiya yoshlarni qo‘llab-quvvatlashi bosh maqsadlaridan biri ekanligini anglab yetdim.

Jizzax shahridagi 9-sonli maktabda tashkil etilgan “Xizmat-beminnat” o‘quv kursida 13 nafar yosh bepul ta'lim oldi. Mazkur kursga Jizzax davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Sardor O‘sarov rahbarlik qildi.

Sardor O‘sarov:

- Yoshlar orasida iste'dodli, bilimli va izlanuvchan o‘g‘il-qizlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ammo, ba'zilarida o‘qish imkoniyati bor, ba'zilarda esa afsuski imkoniyatlar cheklangan. Men o‘zim ko‘pdan buyon shu kabi muammolarning yechimini izlardim. O‘zMTDP Markaziy Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur loyihani shaxsan men katta qiziqish bilan qarshi oldim. Uyushmagan yoshlarni birlashtirib, ularga ta'lim berishni maqsad qilgandim. Bu maqsadimni amalga oshirishda partiyaning xizmati katta bo‘ldi. Loyihaning samarasini o‘quv kursi ishtirokchilari Jumanov Shohrux va Abdug‘aniyev Ayrosiyob misolida yaqqol ko‘rib turibmiz.

Ulug‘bek Mustafoyev, 
O‘zMTDP Jizzax viloyat Kengashi Matbuot kotibi

Top