Iqtisodiyot | 21:10 / 17.08.2017
15505
4 daqiqa o‘qiladi

Soliqlarning ortiqcha to‘langan qismini 15 kunda qaytarish imkoniyati yaratilmoqda

Ma'lumki bugungi kunda Respublikamizda olib borilayotgan islohotlar qatorida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ham soliq ma'murchiligini yanada yaxshilash, soliq yukini izchillik bilan kamaytirish va soliq to‘lovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, deb yozadi DSQ axborot xizmati.

Xususan, soliq to‘lovchilarga qulaylik yaratish va ularning soliq organlari bilan o‘zaro munosabatlarda shaffoflikni ta'minlash maqsadida, bugungi kunda soliq to‘lovchilarga o‘zlarining shaxsiy kabenitlari orqali ortiqcha to‘langan soliq summalarini Soliq kodeksining 56-57-moddalariga muvofiq qaytarish, hisobga olish yoki kelgusi to‘lovlar uchun qoldirish bo‘yicha soliq organlariga elektron ariza yuborish imkoniyati yaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi «Soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5116-son Farmoniga asosan ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish soliq to‘lovchi vakolatli organlarga murojaat etgan sanadan boshlab amaldagi 30 kun o‘rniga 15 ish kuni ichida amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 56-58-moddalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2016 yil 30 martda 2771-son bilan ro‘yxatga olingan «Byudjyet tizimi byudjyetlari daromadlarining kassa ijrosi to‘g‘risida»gi Yo‘riqnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, agar 10 ish kuni mobaynida joriy tushumlarning etishmasligi yoki mavjud bo‘lmaganligi sababli ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish imkoniyati bo‘lmasa, qaytarish yoki hisobga olishi avtomatik tarzda Moliya vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek ushbu yo‘riqnomada agar, ortiqcha yoki noto‘g‘ri mablag‘lar kelib tushgan daromad shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga joriy tushumlarni kelib tushishi kutilmayotgan bo‘lsa (asoslangan holda) ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘lovlar istisno tariqasida bir ish kuni mobaynida tegishli byudjyet mablag‘lari hisobidan qaytarilishi yoki hisobga olinishi belgilab qo‘yildi.

Mazkur normalar soliq to‘lovchilar uchun ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘langan soliq to‘lovlarini qisqa muddat ichida qaytarib olish va ularni maqsadli sarflash imkoniyatini beradi.

Agar, ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘langan soliq to‘lovlarini qaytarish yoki hisobga olishda amaliy yordam zarur bo‘lsa, soliq to‘lovchilar istalgan vaqtda soliq.uz va my.soliq.uz rasmiy saytlari yoki (0371) 244-98-98 raqamli ishonch telefonlari orqali Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilishlari mumkin.

Mavzuga oid