Turkmanistonning Lebap viloyati vakillari Buxoroga tashrif buyurishdi
Turkmaniston Respublikasining Lebap viloyati hokimi Charigeldi Charliyev rahbarligidagi ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiya 12 avgust kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
O‘zbek va turkman xalqlarini umumiy tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar, til va urf-odatlardagi o‘xshashlik o‘zaro bog‘lab turadi. Ikki qardosh xalq azaldan bir-birining madaniyatini boyitib, savdo-sotiq qilib kelgan, bir daryodan suv ichgan. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yangi, sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi, deb yozadi «Betakror Buxoro» muxbiri Erkin Yodgorov.
Buxoro va Lebap viloyatlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalari ham ana shunday do‘stlik munosabatlarining amaldagi ifodasidir.
— O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘zaro amaliy tashriflari qo‘shnichilik, tenglik, o‘zaro manfaatli sherikchilik asosidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda, — deydi Turkmaniston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shiri Shiriyev. — O‘zaro hamkorlik doirasida chegaraoldi hududlari, jumladan, Lebap va Buxoro viloyatlari o‘rtasidagi madaniy-iqtisodiy aloqalar ham kengayib bormoqda. Lebap viloyati vakillarining Buxoro viloyatiga tashrifi buning yorqin tasdig‘idir.
Mehmonlarga viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, o‘zaro aloqalar uchun xizmat qiladigan imkoniyatlar, turizm va boshqa sohalar salohiyati bo‘yicha atroflicha ma'lumot berildi.
Lebap viloyati delegatsiyasi O‘zbekiston Respublika Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasi faoliyati, Bahouddin Naqshband majmuasi, ulug‘ ajdodimizning merosini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Kogon tumanidagi «Siyovush Komron fud» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli intensiv bog‘ mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. 40 gektarlik bog‘da barcha agrotexnik tadbirlar zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, nihollar tomchilatib sug‘orilishi suvni tejash imkonini beradi. Kelgusi yildan korxona mevalarni eksport qilishni ham yo‘lga qo‘yadi.
Buxoroda qurilish industriyasi jadal rivojlanmoqda. Bunda «Knauf gips Buxoro» xorijiy korxonasining munosib o‘rni bor. Bu yerda tayyorlanayotgan gipskartonlarning bir qismi Turkmanistonga eksport qilinmoqda. Lebaplik mehmonlar ushbu korxonada ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
«Buxoro brilliant silk» qo‘shma korxonasi mamlakatimizda pillani qayta ishlovchi yirik korxonalardan biridir. Mehmonlar bu yerda eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan sexlarda xomashyodan tola ajratish, ipak-kalava tayyorlash, undan mato to‘qish va matoga gul bosishgacha bo‘lgan jarayonlarni ko‘zdan kechirdi. Korxona mahsulotiga xorijda ham talab katta. Mahsulotning asosiy qismi Xitoy, Hindiston, Vetnam, Turkiya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Buxoro xalq hunarmandligi orasida gilamchilik alohida o‘rin tutadi. Buxoro shahridagi gilamchilik markazi faoliyati bilan tanishgan mehmonlar buni alohida e'tirof etdilar.
— Qo‘y junidan to‘qiladigan turkman gilamlari dovrug‘i uzoq xorijda ham mashhur, — deydi Lebap viloyatidagi gilam ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Xalach» korxonasi direktori Chari Seytniyazov. — Sizlarda bunday mahsulot ipakdan tayyorlanar ekan. To‘quvchilarning ish uslubidan hayratlandim. Buxoro gilamlari nechog‘li mashhurligini eshitganman. Bugun ularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Gilamchilik markazi bilan tanishish jarayonida hamkorlik qilish rejasi tug‘ildi. Biz buyurtma asosida Buxoro gilamlarini Turkmanistonga, turkman hunarmandlik mahsulotlarini Buxoroga yetkazib berish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘ysak, ayni muddao bo‘lardi.
Turkmanistonlik mehmonlar qadimiy Ismoil Somoniy maqbarasi, Labi hovuz majmuasi, Ark qal'asi, shuningdek, Minorai Kalon, Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasidan iborat Poyi Kalon majmuasi va boshqa diqqatga sazovor joylarni ziyorat qildilar.
— Necha asrlardan buyon ulug‘vorligi bilan barchada havas uyg‘otib kelayotgan Buxoroning tarixiy va ko‘hna yodgorliklaridan hayratdamiz, — deydi turkmanistonlik mehmon Salamat Husainova. — Bu yerdagi har bir obida tarixingiz buyukligi, san'atingiz betakrorligidan darak beradi.
Tadbir Nodir devonbegi madrasasida tashkil etilgan konsert dasturi bilan yakunlandi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.
Mavzuga oid
13:11 / 18.11.2024
Xitoy Buxoroda "yashil" sanoat parkini barpo etadi
07:54 / 18.11.2024
Toshkent - Buxoro - Toshkent yo‘nalishida yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
11:34 / 06.11.2024