Baliqni sanoat yo‘li bilan ovlash uchun qanday uchastka olish mumkin?
2017 yil 1 maydagi PQ–2939-son “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 avgustdagi 593-son qarori bilan quyidagilar tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.uz:
1) Baliq ovlash xo‘jaliklariga tabiiy suv havzalari uchastkalarini ajratish, baliqni sanoat yo‘li bilan ovlash, baliq ovlash xo‘jaliklarining tabiiy suv havzalaridan foydalanganligi uchun ijara to‘lovini hisoblash va undirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Tabiiy suv havzasi uchastkasi baliqni sanoat yo‘li bilan ovlashni amalga oshirish uchun kamida 10 yilga ochiq tanlov natijalari bo‘yicha tanlov g‘olibi bo‘lgan baliq ovlash xo‘jaligi va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi o‘rtasida tuziladigan ijara shartnomasi asosida beriladi.
Uyushma tanlov o‘tkazish sanasidan kamida 1 oy oldin OAV va Internet orqali bu haqda e'lon beradi.
Tanlovda ishtirok etish uchun talabgor (uning vakili) shaxsan yoki pochta orqali quyidagi hujjatlarni hududiy “Baliqsanoat” MChJga taqdim etadi:
• tanlovda ishtirok etish haqidagi ariza (2 nusxada);
• arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lovning (EKIHning 1/3 baravari) to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjatining asl nusxasi;
• baliq ovlashni amalga oshirish bo‘yicha biznes-reja;
• biznes-rejaning moliyalashtirish manbalari (talabgorning o‘z mablag‘lari, bank kreditlari va boshqalar) bilan ta'minlanganligi haqidagi ma'lumotlar;
• baliq ovlash va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish uchun moddiy-texnika vositalarining mavjudligi haqidagi ma'lumotlar;
• baliq (turlari va miqdori bo‘yicha) chavoqlari bilan tegishli suv havza uchastkasini har yili baliqlantirishni amalga oshirish bo‘yicha taklifi.
Barcha hujjatlar muhrlangan (imzo bilan tasdiqlangan) konvertlarda taqdim etiladi. Hujjatlarning barcha varaqlari talabgor rahbarining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Tanlov g‘olibi konvertlar ochilgan kuni Uyushma tomonidan tuzilgan maxsus komissiyaning ochiq majlisida aniqlanadi. Eng maqbul tanlov takliflarini taqdim etgan talabgor tanlovning g‘olibi deb e'tirof etiladi. Komissiya tanlov g‘olibi aniqlangan kuni unga tegishli xabarnoma yuborib, shartnoma tuzishni taklif qiladi. Tanlov natijalari OAVda e'lon qilinadi va Davlat xizmatlari yagona interaktiv portaliga joylashtiriladi.
Tanlov natijalariga ko‘ra tabiiy suv havzasi uchastkasining berilishi rad etilgan talabgorlar Komissiya qarori yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
Tanlov amalga oshmagan deb e'tirof etilgan taqdirda 5 kun ichida Komissiya tanlovni qayta o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Hujjatda Uyushma, Komissiya, baliq ovlash xo‘jaliklarining huquq va majburiyatlari, baliq ovlash xo‘jaliklarining tabiiy suv havzalaridan foydalanganligi uchun ijara to‘lovini hisoblash va undirish tartibi, tabiiy suv havzasida baliq resurslarini qayta tiklashga doir tadbirlarni o‘tkazish masalalari batafsil bayon etilgan.
Hujjatga ko‘ra, tabiiy suv havzalaridan sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash uchun ham foydalanilishi mumkin.
2) “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasida tuziladi.
Hujjatda Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari, ular hisobiga moliyalashtiriladigan yo‘nalishlar ko‘rsatilgan, Jamg‘armani boshqarish, Jamg‘arma mablag‘lari hisobini yuritish masalalari tartibga solingan.
Ushbu Nizomlarning talablari Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidagi baliqchilik va baliq ovlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Nizomlar 2018 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
Mavzuga oid
11:59 / 05.11.2024
O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysidan yangi baliq turini topdi
21:36 / 24.10.2024
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tugatildi va Migratsiya agentligi tashkil etildi
18:22 / 24.10.2024
«O‘zagroinspeksiya» hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazildi
09:55 / 15.10.2024