Jamiyat | 16:25 / 21.08.2017
7366
3 daqiqa o‘qiladi

Egasi bo‘lmagan xonadonni 11,5 ming dollarga sotib yuborgan shaxs va uning hamtovoqlari ushlandi

Mehnatning tagi rohat. Ba'zi kimsalar ushbu maqolning mohiyatini o‘z qarashlaridan kelib chiqib, talqin etishadi. Ana shunday kimsalardan biri Rustam Muslimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan)dir. U mo‘may daromad topishni maqsad qilib, egri yo‘lni tanladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

R.Muslimov Chirchiq shahridagi uylardan birini “nishon”ga oldi. U “Nur” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi D.Malikova orqali Chirchiq shahar hokimligi tomonidan ro‘yxatga olingan, egasi bo‘lmagan mazkur xonadonning hujjatlarini qo‘lga kiritdi. Bu ishni amalga oshirish uchun “yordam” qo‘lini cho‘zgan hokimiyatning tegishli mansabdor shaxsiga 1500 AQSh dollari berdi.

Mazkur uy hujjatlari qo‘lga kiritilgach, uyning sobiq egasi – marhum Valeriy Useinov go‘yo qo‘shni respublikada yashayotgani uchun uning nomidan R.Muslimovning nomiga Qozog‘iston Respublikasining Sariyog‘och shahrida joylashgan notarial idorasidan 2013 yil aprel oyida uyni sotish huquqini beruvchi qalbaki ishonchnoma olishga erishildi. 2014 yilning iyun oyida esa ushbu xonadon qalbaki hujjat asosida fuqaro Zohid Qodirovga 11500 AQSh dollariga sotildi va uning nomiga Chirchiq shahridagi davlat notarial idorasida rasmiylashtirib berildi. Jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan pullar R.Muslimovning manfaatlari yo‘lida sarflab yuborildi.

Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham oshkor bo‘ladi, degan naql bejiz aytilmagan. “Ishni xamirdan qil sug‘urgandek, oson bitirib, mo‘may daromadga ega bo‘ldim”, degan xayolda yurgan bu kimsaning qo‘llariga temir halqalar taqilgandagina, pushaymondan uning boshi egildi. Chirchiq shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazilgan egasiz uylar xatlovdan o‘tkazilganida R. Muslimovning qilmishi fosh bo‘lgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudining hukmi bilan ushbu jinoyatga aloqador shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta'minlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid