Dehlida O‘zbekiston-Hindiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
2017 yilning 22 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Dehli shahriga tashrifi chog‘ida ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Hindiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov, Hindiston savdo va sanoat davlat vaziri Nirmala Sitharaman, «Hindiston-MDH» Savdo-sanoat palatasi faxriy prezidenti Rajan Madhu, O‘zbekiston va Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari nutq so‘zlashdi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov forumning ochilishida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston uchun Hindiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmon doiralarimiz o‘rtasida yanada yaqin munosabatlarni o‘rnatish, respublikadagi ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etishga yangi hind kompaniyalarini jalb qilish muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
A.Komilov Hindiston biznesi vakillariga O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanish sur'atlari haqida qisqacha ma'lumot berdi.
Vazir forum ishtirokchilari diqqatini bugun O‘zbekistonda chet el investorlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganiga qaratdi: soliq imtiyozlari, ishlab chiqarish asbob-uskunalarini bojxona to‘lovlarisiz olib kirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga investitsiya kiritgandagi boshqa yengilliklar. Bir necha yildan beri Navoiyda, Angrenda, Jizzaxda erkin iqtisodiy zonalar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yaqinda Hazoraspda, Qo‘qonda, Urgutda va G‘ijduvonda yana to‘rtta shunday zonalar tashkil etildi. Bundan tashqari, Prezident farmoniga ko‘ra hozirda O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqishga ixtisoslashgan yettita EIZ faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘zbekiston TIV rahbari hind investorlarini mazkur erkin iqtisodiy zonalarda ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishda keng ishtirok etishga taklif etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida hamda biznes-forum yakunlariga ko‘ra umumiy hajmi 80 mln. AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 22 ta shartnoma hamda umumiy hajmi 70 mln. AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 20 ta investitsion bitim imzolandi.
Mavzuga oid
17:36 / 14.11.2024
Hindiston xalqaro aeroportida havoning ifloslanishi tufayli 200 dan ortiq reyslar kechiktirildi
19:27 / 13.11.2024
Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi
19:10 / 13.11.2024
Hindiston fond bozoridagi bum: moliyaviy inqilob shovqini risklarni yopib ketyaptimi?
20:33 / 07.11.2024