O‘zbekiston | 13:30 / 23.08.2017
16520
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Mirobod tumanida issiq suv quvuri yorilishi pona qoqish bilan «hal qilindi»

Xalqimiz keksalari «suvdek serob bo‘ling» deb duo qiladi, bu bilan qariyalar turmushimiz farovon bo‘lib, oilada bola-chaqaning ko‘payishini tilaydi. Ammo bu tilak zamirida suv haqiqatan serob, degani emas. U cheklangan, Yaratgan egam taqdim etgan ne'matlarni iqtisod qilib, undan oqilona foydalanish haqida ham o‘ylash kerak.

Toshkent shahri Mirobod tumani, Oybek ko‘chasi 18-uyda istiqomat qilayotgan xonadon egalari bir necha bor uyning orqa hovlisida texnik nosoz holatda qolgan issiq quvuridan suv sizib chiqayotganini aytib shikoyat qilgan. «Toshissiqquvvati» ishlab chiqarish birlashmasi unitar korxonasining Mirobod tuman filialidagi mutasaddi rahbarlar yuqoridagi holatga panja ortidan qarab kelmoqda, deb iddao qiladi xonadon egalari.

KUN.UZ jurnalisti voqea tafsilotlarini o‘rganish uchun filial aloqa nomerlariga sim qoqdi. Bizga javob bergan, o‘zini Akmal Akromov deya tanishtirgan xodim «olti oydan beri quvur yorig‘idan suv oqib keladi, bundan filial xabari bormi?» deya yuzlangan murojaatimizga quyidagicha javob berdi: «Biz kuni kecha texnik jamoani yuborgan edik. Lekin mazkur holat yuzasidan chora-tadbir qabul qilinmagan».

Holatni o‘rganish uchun borganimizda, rostdan ham quvur yog‘och pona bilan berkitilgani, ammo bir sutka o‘tmasdan undan yana suv oqib turganiga guvoh bo‘ldik. Respublikaning ayrim chekka va olis hududlariga endigina toza ichimlik suvi yetkazilib berilayotgan bir vaqtda, poytaxtning qoq markazida issiq suv oqavasining ochiq turgani achinarli holat. Boz ustiga, sim to‘rning narigi tarafida bir guruh bolalar o‘ynab yurishibdi.

«Men quvur yorilgani va issiq otilib chiqishidan xavotirda bo‘lib, tuman inspektoriga murojaat qilaman. Har gal shu holat takrorlanganda, yurak hovuchlab o‘tiraman, axir bolalar maydoniga yaqin-ku bu quvur», deydi 506-sonli bolalar bog‘chasi mudirasi.

Ayni kunlarda bog‘chada 250 nafardan ortiq bola tarbiyalanadi. Xonadon egalarining ham xavotiri yetarlicha: oqib tushayotgan suv osmonga ko‘tarilib ketmaydi, balki tuproqni loyga aylantirib o‘tib bo‘lmas yurish yo‘lagini rasvo qilmoqda. Ularning aytishicha, telefon orqali ariza qilingan paytlari bazo‘r javob bergan mutaxassislar «brigada boshqa joyda ishlab turibdi, bo‘shab qolsa yuboramiz» deb vajlar o‘ylab topishgan. «Har bahorda shu bo‘lar takror» deganlaridek, masala jiddiylashib qolsa, bir-ikki texnik tashrif buyurib, pona qoqib ketadi. 

Biz bu holat yuzasidan tegishli chora-tadbir qabul qilinishini, aholi va bolalar uchun xavfsiz maydon hosil bo‘lishini kutib qolamiz.

Mavzuga oid