Jamiyat | 18:16 / 23.08.2017
9031
2 daqiqa o‘qiladi

Oltinko‘lning “Qoraqalpoq” mahallasiga qo‘g‘irchoq teatri keldi 

Chekka qishloqlarda yashovchi aholi o‘z farzandlarini doim ham qo‘g‘irchoq teatri, muzey, istirohat bog‘i kabi ma'naviy va ko‘ngilochar maskanlarga olib borishga imkon topa olishi qiyin.

KUN.UZ sayti Xalq deputatlari Oltinko‘l tuman Kengashi deputati, O‘zLiDeP vakili Begali Azimov bilan hamkorlikda tumanning “Qoraqalpoq” hamda “Saroy” mahallasi kichkintoylari uchun ana shunday tadbirni tashkil etdi.

Bolajonlarga hududdagi 3-umumta'lim maktabida Andijon viloyat qo‘g‘irchoq teatrining sayyor truppa jamoasi o‘z repertuaridagi “To‘qson to‘qqiz xazina” deb nomlangan asarni namoyish qilib berdi. Ma'lumki, ertaklar yakunida doim ezgulik yomonlik ustidan g‘alaba qozonadi. Kichkintoylar qo‘g‘irchoqlarning sehrli olamida sahna qahramonlarining harakatlarini kuzatib, dildan zavqlanishgani bor gap.

Dastur davomida bolajonlar o‘zlari yoqtirgan ertak, multfilm qahramonlari bilan jonli muloqotda bo‘lib, birga raqsga tushishdi.

- O‘tgan yili yangidan qurilib, ish boshlagan Andijon viloyat qo‘g‘irchoq teatriga hududimizdagi bolalarni olib kelishni niyat qilgandik. KUN.UZ sayti vakili bilan birgalikda teatr rahbariyati bilan uchrashganimizda sayyor truppa jamoasi borligini aytishdi. Bundan foydalangan holda ularni mahallamga taklif qildik. O‘ylaymanki, bugungi tomoshaga kelgan barcha bolakaylarga bayram tuhfasi juda yoqdi. Mustaqillik bayrami arafasida aholimiz uchun viloyat drama teatri truppasini olib kelishni rejalashtiryapmiz,- dedi Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Begali Azimov. 

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid