Jahon | 19:26 / 24.08.2017
10363
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada KXDRning ilk sayyohlik agentligi ishga tushdi

Foto: RIA Novosti

Rossiyada KXDRning birinchi rasmiy sayyohlik agentligi "NKorean" ish boshladi. Agentlik Shimoliy Koreya hukumati tomonidan litsenziyalangan. Bu haqida Turagentliklar ittifoqi prezidenti Sergey Golovning so‘zlariga asoslanib, "Vedomosti" nashri xabar berdi.

Agentlik sayyohlarga KXDRda xavfsizlikni ta'minlashga va'da bermoqda. "NKorean" saytida ma'lum qilinishicha, mamlakatda naqd pulsiz to‘lov tizimi ishlamaydi. Sayyohlik operatori "kuchuk sho‘rva" yoki "jyenshen bilan to‘ldirilgan tovuq"ni tatib ko‘rish uchun naqd pul olishni tavsiya qiladi.

"Qaytim olishda muammolar yuzaga kelmasligi uchun sizlarga pullaringizni mayda kupyuralarda olishni tavsiya etamiz. KXDR fuqarolari haqiqatparvarligi bilan ajralib turishadi (bu sizga Misr yoki Turkiya emas), agar sizga qaytim berish kerak bo‘lsa, sizni topib uni qo‘lingizga tutqazishadi".

"NKorean" rasmiy sayti

Klassik turlar bahosi (5 kunga) 58 902 rubldan boshlanib, (15 kunga) 118 090 rublga yetadi. Eng arzon turlar diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilish va "chuchxey sotsializmi g‘oyalari bilan tanishuv"ni o‘z ichiga oladi. Eng qimmat turlar esa "mamlakat madaniyatini to‘liq qamrab olish"ga va'da beradi.

"NKorean" maxsus turlar doirasida Shimoliy Koreyada tog‘-chang‘i va sohil, pivo festivali va milliy bayramlar kabi dam olish turlarini taklif qiladi.

24 avgust kuni KXDRning Rossiya fuqarolariga viza berish jarayonini soddalashtirish rejalari haqida ma'lum qilindi. Kutish muddati 2-3 haftadan 3-5 kunga qisqaradi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid