02:16 / 26.08.2017
5558

Oq uy Venesuelaga nisbatan kuch ishlatilishi mumkinligini qayd etgan

Foto: AP

Vashingtondagilarning fikricha Nikolas Maduroning diktatura rejimi o‘rnatilgan Venesueladagi vaziyatga Oq uy turli yo‘llar bilan ta'sir o‘tkazish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda, jumladan kuch yordamida, deya ta'kidlagan AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Herbert Makmaster.

«Biz faqat diplomatik yoki faqat harbiy va faqat iqtisodiy choralarni qo‘llashni o‘rganib chiqmayapmiz. Biz ularning hammasini birlashtirib, prezidentga taqdim etmoqchimiz», — deya javob bergan Makmaster brifingda AQSh Venesueladagi vaziyatning harbiy yo‘l bilan yechish imkoniyatini ko‘rib chiqayaptimi, deya berilgan savolga.

Bir vaqtning o‘zida Trampning maslahatchisi yaqin kunlar ichida Vashington Karakasga nisbatan harbiy operatsiyalar o‘tkazish niyati yo‘qligini ham ma'lum qilgan. «Har qanday qaror mintaqadagi hamkorlarimiz bilan birgalikda qabul qilinadi», — degan u, AQShning  Venesuela rahbariyatini almashtirish niyati yo‘qligini qo‘shimcha qilar ekan. 

Makmaster Venesueladagi vaziyat qay o‘zanga qarab o‘zgarishi e'tiboridan Oq uy keyingi harakatlarning turli variantlarini ishlab chiqishda davom etishini bildirgan. 

AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni Karakasga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etgan. Xususan, Amerika kompaniyalariga so‘ndirish muddati mos ravishda 30 va 90 kundan ortiq bo‘lgan yangi qarz majburiyatlari va Venesuela hukumati tomonidan chiqarilgan qimmatbaho qog‘ozlari bilan bitimlar tuzish taqiqlandi. Shuningdek, Karakas egalik qilayotgan mavjud qarz majburiyatlari yonida qo‘shimcha bitim tuzish, Venesuela hukumatidan dividentlar olish ham taqiqlanadi. 

Boliviar respublikasi tashqi ishlar vaziri Xorxe Arreasaning aytishicha, sanksiyalar yordamida AQSh bu mamlakatda gumanitar inqirozni vujudga keltirmoqchi. U shuningdek, Venesuela o‘zini o‘zi himoya qila olishini bildirgan. «Bugun e'lon qilingan moliyaviy sanksiyalar — so‘nggi 200 yil ichida Venesuelaga e'lon qilingan eng yomon tajovuz bo‘ldi», — degan u.

Mavzuga oid
Top