Jahon | 21:20 / 28.08.2017
6538
3 daqiqa o‘qiladi

“Xarvi” dovuli olib kelgan toshqinlardan ko‘rilgan zarar 30 mlrd dollarga baholandi

Foto: Reuters

“Xarvi” tropik dovuli ortidan yuz bergan toshqinlar AQSh hukumatiga bir necha o‘n milliard dollarga aylanishi mumkin. Bu haqda mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga iqtibos keltirgan holda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda.

Jumladan, Enki Research kompaniyasi mutaxassisi Chak Uotson ziyonlar hisob-kitob qilingandan keyin “Xarvi” va u olib kelgan toshqinlar Texas energiya tizimi, shtat yo‘llari va energetika sohasidagi korxonalarga yetkazgan ziyon 30 mlrd dollardan oshishi mumkinligini aytdi. 

Agar Enki Research’ning hisob-kitoblari to‘g‘ri chiqsa, unda “Xarvi” yetkazgan ziyoni bo‘yicha nafaqat AQShdagi eng vayronkor to‘fonlar o‘ntaligiga kiradi, balki AQSh hududiga yopirilgan eng vayronkor tropik dovul bo‘ladi. Bunday dovullar birinchi navbatda kuchli shamol bilan emas, balki o‘zi bilan olib keladigan suv miqdori bilan xavflidir.

“Bu dovul o‘zgachadir. “Endryu” yoki “Katrina” kabi to‘fonlar shamol va to‘lqinlar bilan ziyon yetkazgan. Tropik dovullar esa kuchli yomg‘irlar bilan kechishi mumkin. 2001 yilda “Elison” dovuli Xyuston va uning yon-atrofidagi hududlarga 12 mlrd dollarlik ziyon keltirgandi. Hanuzgacha bu miqdor rekord ko‘rsaktich hisoblanib kelinardi. “Xarvi” bilan barchasi aniq yomonroq ko‘rinishda”, deb aytilgan Enki Research’ning Facebook’dagi sahifasida.

Sug‘urta  axboroti instituti mutaxassislari “Xarvi” sababli yuzaga kelgan toshqinlardan ko‘rilgan ziyon 2005 yilda Luiziana va Missisipiga “Katrina” to‘foni ortidan kelgan toshqinlar olib kelgan ziyondan kam bo‘lmasligini taxmin qilishmoqda. “Katrina” to‘foni AQSh tarixida eng vayronkor tabiiy ofat hisoblanadi.

“Katrina”dan ko‘rilgan zarar turli hisob-kitoblarga ko‘ra 120 mlrd dollardan 160 mlrd dollargachani tashkil qiladi. O‘shanda yo‘qotishlarga asosan kuchli shamol sabab bo‘lgan. Toshqinlar oqibatida ko‘rilgan zarar esa 15 mlrd dollarga baholangan.

“Xarvi” yetkazgan ziyonning katta qismini sug‘urta kompaniyalari to‘lovlari bilan qoplab bo‘lmaslik jiddiy muammo hisoblanmoqda. Uotsonning fikricha, sug‘urta to‘lovlari ko‘rilgan ziyonning 27 foizini qoplaydi. Vaholanki, “Katrina”dan keyin sug‘urtachilar ziyonning yarmiga yaqinini qoplab berishgan. 

Mavzuga oid