Jamiyat | 15:14 / 28.08.2017
19205
3 daqiqa o‘qiladi

Shahrixonda ishlab chiqarish korxonalari faoliyat boshladi

Andijon viloyatining Shahrixon tumani azaldan hunarmand va tadbirkorlari bilan nom qozongan. Yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami arafasida tumanda ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini boshladi.

Quvonarlisi, mazkur korxonalar mamlakatimiz sanoati rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shish bilan birgalikda, aholining bandligini ham ta'minlamoqda.

27 avgust kuni ikkita ana shunday ishlab chiqarish obektlarining ochilish marosimi bo‘lib va yana bir ana shunday korxona qurilishi boshlandi.

Tumandagi “Buvaydo” mahallasida “Edelveys” jamiyati tomonidan barpo qilingan kalava-ipni bo‘yash korxonasi faoliyatini boshlashi bilan 60 nafar aholi vakillari ish joyiga ega bo‘lishdi. Ulug‘bek Bobojonov boshchiligidagi korxona amalga oshirgan loyiha qiymati 13,2 milliard so‘mga teng bo‘lib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan maskan yiliga 3,6 ming tonna bo‘yalgan kalava ip ishlab chiqarish quvvatiga ega.

“Yangi vaxim” massivida esa “Shahrixon baraka gaz” jamiyatiga qarashli barcha turdagi poyabzallar va sun'iy mo‘yna ishlab chiqaruvchi korxona faoliyatga kirishdi. Tadbirkor Avazbek Bahramov rahbarlik qilayotgan ushbu maskanning loyiha qiymati 360 ming AQSh dollari va 2,5 milliard so‘mni tashkil etadi. 120 ta ishchi o‘rni yaratilgan korxonada yiliga 1,5 million juft poyabzal va 475 ming metrdan ziyod sun'iy mo‘yna ishlab chiqariladi.

“Yangi vaxim” massivida yana bir 500 nafar ishchi o‘rniga ega bo‘lishi ko‘zda tutilayotgan tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona qurilishiga  mahalla oqsoqollari duosi bilan ramziy qoziq qoqildi. “Mehrigiyo feruz yulduzi” jamiyati rahbari Abdulhamid Xurboyev ushbu loyihaga 2,9 milliard so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgani, korxona ishga tushgach, yiliga 40 ming dona tayyor kiyimlar ishlab chiqarishini bildirdi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishlab chiqarish obektlari ochilish marosimida ishtirok etib, ish jarayoni bilan tanishdi hamda tadbirkor va ishchilarga muvaffaqiyatlar tiladi. 

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid