Jahon | 17:19 / 29.08.2017
8958
3 daqiqa o‘qiladi

Yunker: YeI xavfsizligini Rossiyasiz ta'minlab bo‘lmaydi

Foto: Reuters

YeI xavfsizligini Rossiyasiz ta'minlashning imkoni yo‘q. Shu boisdan ham YeI va RF ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash ustida ishlashi lozim. Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker YeI diplomatik missiyalarining Bryusseldagi yig‘ilishida shu haqda so‘z yuritdi. 

"Biz Rossiya bilan munosabatlarimizni yaxshilashni o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Bu Rossiyaga bog‘liq. Shuning barobarida bizga ham bog‘liq. Biroq Yevropaning kelgusi asrlardagi xavfsizligini Rossiyasiz ta'minlab bo‘lmaydi", - degan Yunker.

"YeIning barcha mamlakatlari hududi 5,5 mln km2. Rossiyaning o‘zi 17,5 mln km2 maydonga ega. Yana savollar bormi? Shuning uchun, qadriyatlarimiz va qoidalarimizdan voz kechmagan, Qrim annektsiyasini unutmagan holda Rossiya bilan birgalikdagi kelajagimiz xususida muloqot olib borish usulini topishimiz kerak", - deb qayd etgan YeK rahbari. 

Yunkerning so‘zlariga ko‘ra, yevropaliklar o‘zlarining dunyo egalari sifatida tutishlarini bas qilishlari kerak. Chunki YeIning jahon sahnasidagi o‘rni kamayib borayapti va kamayib boradi. "Tarix juda tez rivojlanmoqda va ba'zan bu holat juda tez sodir bo‘layapti. Biz bugungi kunda kamtarroq bo‘lishimiz talab etilayotgan bir vaqtda o‘zimizni dunyo egalaridek tutayapmiz", - degan siyosatchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa iqtisodiyoti va Yevropa aholisining dunyodagi ulushi tobora pasayib bormoqda. Bunga qarshi esa hech narsa qilib bo‘lmaydi. 

"Bugun bizning YaIM butun dunyo YaIMning 24-25 foizini tashkil etayapti, ammo 10 yildan so‘ng bu raqam 20 foizgacha pasayadi. Asr boshida (2000 yil) jahon aholisining 10 foizi shu qit'aga to‘g‘ri keldi. Asr so‘nggi kelib, u bir necha foizgacha qisqaradi", - deb ta'kidladi YeK raisi. 

Shu munosabat bilan Yunker YeI mamlakatlarini o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun ham ko‘proq birdamlikka chaqirdi. U, shuningdek, Yevropa iqtisodiyotining umumiy holati asta-sekinlik bilan yaxshilanib borayotganini ta'kidladi. Bunda fuqarolar bandligi o‘smoqda, davlat qarzdorligi tushmoqda. Uning baholashicha, YeIdagi migratsiya vaziyati ham barqarorlashmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid