Jahon | 09:45
775
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Moldova YeI a’zoligi sari yana bir qadam tashladi

Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldovaning tashkilotga qo‘shilishi jarayonida muhim qadam tashlab, a’zolik bo‘yicha birinchi muzokaralar klasteriga rasman start berdi. Bu qaror ikki davlatning nomzod maqomidan to‘laqonli muzokaralar bosqichiga o‘tayotganini anglatadi.

Foto: REUTERS

15 iyun kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Ukraina va Moldovaning YeIga qo‘shilishi bo‘yicha birinchi muzokaralar klasterini rasman ochdi. Bu haqda ayni paytda Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qilayotgan Kipr Respublikasi diplomatlari ma’lum qildi.

Kiprning Yevropa ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Marilena Rauna ushbu voqeani tarixiy qadam sifatida baholab, Ukraina kelajagi Yevropa Ittifoqi bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha muzokaralar oltita yirik tematik yo‘nalish — klasterlarga bo‘lingan. Ularda qonunchilik, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, adliya tizimi, raqobat siyosati, tashqi munosabatlar va boshqa sohalar qamrab olinadi.

Birinchi klasterning ochilishi nomzod davlatlar uchun tayyorgarlik bosqichidan amaliy muzokaralarga o‘tishni anglatadi. Endi Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova qonunchiligining YeI standartlariga qanchalik mos kelishini baholaydi, shuningdek, turli sohalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlarni muhokama qiladi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur qadam Ukraina va Moldovaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvi jarayonidagi eng muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. Biroq to‘liq a’zolikka erishish uchun har ikki davlat oldida hali ko‘plab huquqiy, iqtisodiy va institutsional talablarni bajarish vazifasi turibdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid