16:34 / 01.09.2017
7028

Atamboyev: Bu safar tartibsizlik keltirib chiqarishga uringanlarni kechirmaymiz

Foto: inform.kz

«Qirg‘iziston 26 yillik mustaqillik davri davomida og‘ir tiklanish yo‘lidan o‘tdi, oson bo‘lmagan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarga uchradi. Biz bu yillar davomida kuchliroq bo‘ldik. Mamlakat kuchsizlanmadi, sinovlar olovida toblandi», - deya ma'lum qildi Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev mamlakat mustaqilligi kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda.

«Dunyoda minglab turli xalqlar bor, biroq faqatgina 200 ta mustaqil mamlakat o‘z faoliyatini olib bormoqda. O‘zining mustaqil davlatiga ega bo‘lish – buyuk baxt. Biz buni qadrlashimiz va mamlakatimiz, mustaqilligimizni ehtiyot qilishimiz lozim», - dedi davlat rahbari.

Uning afsus bilan ta'kidlashicha, 1991 yilda mustaqillik to‘g‘risidagi Deklaratsiya qabul qilinganidan so‘ng mamlakatning haqiqiy suverenitetiga erishish uchun kam ishlar qilingan. «Murakkab tranzit davri 20 yilga cho‘zildi va xalq uchun og‘ir sinovlar bilan kechdi», - dedi Atamboyev.

U so‘nggi yillarda mamlakatda hal etilayotgan muammolar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. «Milliy resurslar endi suvtekinga sotilmayapti. Masalan, Jyeruy koniga litsenziyani 100 mln dollarga sotdik va plyus sarmoyador litsenziyaning avvalgi egasiga 65 million dollar to‘lab berdi. O‘z paytida bu kon uchun litsenziya 300 somga berib yuborilgan», - degan davlat rahbari.

Shuningdek, respublika energetik mustaqillik va energetika sohasining barqarorligiga erishgani ham qayd etildi. 

Qo‘shimcha qilinishicha, yaqin ikki yil davomida transport mustaqilligiga erishish bo‘yicha ishlar yakunlanadi. «Qirg‘iziston tupik davlatdan tranzitga aylanadi», - dedi prezident.

Bundan tashqari, Almazbek Atamboyevning mamlakat mustaqilligi kuniga bag‘ishlangan rasmiy marosimda aytishicha, korrupsiya bilan «ayovsiz» kurash olib borilmoqda.

«Biz korrupsiya bilan haqiqiy tizimli kurashni, davlat boshqaruv organlaridan bu yovuzlikni tozalash bo‘yicha ishlarni boshladik. So‘nggi besh yil davomida taxminan yetti ming korrupsiya holati aniqlandi, eng yuqori darajadagi amaldorlarga qarshi jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi», - dedi u.

Qayd etilishicha, avvalgi korruptsion tizimga qaytish bo‘lmaydi, hamda Qirg‘iziston xalqi bunga yo‘l qo‘ymaydi. 

«Albatta, buni ba'zi siyosatchilar «ko‘rishni xohlashmayapti». Bunga oddiy izoh berish mumkin: prezidentlik saylovlari yaqin. Ko‘plab shaxslar avvalgi tartibni qaytarish uchun nafaqat yolg‘on va tuhmatga, balki hamma narsaga tayyorlar. Ular xuddi Aydar Akayev va Maksim Bakiyev kabi xalq hisobidan boyish harakatida», - degan Atamboyev.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, saylovlar yakunlari bilan bog‘liq qator xavotirli vaziyat yuzaga kelgan.

«So‘nggi haftalarda ma'muriy resurs mavzusi ko‘p muhokama qilinmoqda. Hattoki, SDPKdan nomzod g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarish variantlari ham tilga olinmoqda», - dedi u.

«Tartibsizliklarga keladigan bo‘lsak, mening Konstitutsiya bo‘yicha vakolatlarim 2017 yilning 1 dekabriga qadar belgilangan. Bu vaqt shunday harakatlarni qat'iy yo‘qqa chiqarish va jazolash uchun yetarli. Bu safar hech kimni kechirmaymiz», - deya ogohlantirgan Atamboyev.

Shuningdek, uning fikricha, u prezident sifatidagi missiyasini bajargan. 

«Tinchlik, hamjihatlik, barqarorlik – so‘nggi yillarda erishgan eng asosiy narsalarimiz shular. Mamlakat, xalqimiz, hayotimiz ko‘z o‘ngimizda o‘zgarmoqda. Biz iqtisodiy farovonlik uchun poydevor qo‘ydik», - dedi u.

Mavzuga oid
Top