Jamiyat | 23:26 / 03.09.2017
44853
20 daqiqa o‘qiladi

Zulfiqor Musoqovning ekran ortidagi haqiqatlari: "Xalqni bir tiyinga qimmat g‘oyalar bilan zaharlashga hech kimning haqqi yo‘q!"

"Ikki eshik orasi" ko‘rsatuvida jurnalist Dilshoda Matchonova taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan mazmunli suhbat qurdi. Suhbat davomida rejissyor dilidagi gaplarni ochiq-oydin bayon etdi. KUN.UZ sayti ushbu qiziqarli kechgan suhbat matni va videosini diqqatingizga havola qilishga jazm qildi.

- O‘zingizni shu kasbga fido qildingiz va nima oldingiz?

- Umrimni deyarli ikki joyda o‘tkazdim - "O‘zbekfilm" va uyim. Bir yo‘nalishda umrim o‘tdi. Bundan hech norozi emasman. Lekin ko‘pincha ijodkorning mehnati (shaxsan o‘zimni aytmayapman) oqilona baholanmaydi.

- Oqilona baholanish deganda nimani nazarda tutyapsiz? Xalq e'tiborining o‘zi mukofot emasmi?

- Xudoga shukur, ozmi-ko‘pmi xalq orasida, mutaxassislarning orasida, chet elda o‘z o‘rnimga ega bo‘ldim. Shaxsan men uchun nolish bo‘ladi. To‘g‘ri, vaqt hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi-ku, ketgan asab tiklanmaydi-da.

- Haqiqatan, o‘zingizga kasal orttirdingiz deylik. Siz har doim yuzga aytadigan, betgachopar, andishani bilmaydigan, qaysar, o‘jar, o‘zining gapini o‘tkazadigan rejissyorsiz. Nima uchun?

- "Baxt nimadan iborat?" deganda kimdir aytgan ekan:  "Birovning kaltafahmligi, qora niyatliligidan ozod bo‘lish, mustaqil bo‘lish". Afsuski, qaysarlik ham qo‘pollik emas, mana "Vatan" filmini oladigan bo‘lsak, uning ro‘yobga chiqishining o‘zi juda katta qiyinchilik bilan amalga oshdi

- 3 yil kutdim shu filmni, hatto arazlab ketib qolgan paytlarim ham bo‘ldi, oilamdan ketib qoldim Moskvaga, o‘sha yerda bir yil yashadim. Keyin qo‘ng‘iroq qilib "Vatan"ni qo‘yadigan vaqt keldi" deyishdi.

Hozir aytishim mumkinki, 32 million xalqimdan filmni ko‘rmagan odam qolmagandir o‘zbeklar orasida. Nafaqat o‘zbeklar, balki boshqa millat vakillari orasida ham. Chet elda - Amerikada, Germaniyada. Shu millionlab tomoshabinlarning ichida, nomma-nom bilaman, 9 kishi "Vatan" filmini butun vujudi bilan yomon ko‘rdi. Mayli, yomon ko‘rsa yomon ko‘rsin, lekin OAVda fisqi-fasod qilib, kurakda turmaydigan gaplar bilan meni ancha kamsitgan. Qanday qilib bularga munosabat qilishim kerak?! Ko‘rmay turib, shunday tuhamtlarga uchragan film. "Qo‘rg‘oshin"ni-chi? 4 yil kutdim! Tomoshabinlarimiz buyog‘ini bilmaydi-ku. "Qo‘rg‘oshin" filmi ssenariysining muhokamasida bir yoshi katta hamkasbimiz "Bu ssenariy uchun rejissyorni qamash kerak" degan. Agar shu narsa 1937 yilda bo‘lganida edi, qo‘limni qayirib olib ketishgan bo‘lardi. Vaholanki, bu 2011 yilda bo‘layotgan voqea. Aytyapman-ku, "San'atda men uchun nima og‘ir?" O‘sha kinoning atrofida yurgan diletantlar shu narsaning to‘g‘riligini isbotlashi. O‘tiradi-da g‘o‘ddayib, "Men kinoni tushunmasam-da, mening fikrim bunaqa" deb. Men "Kinoni tushunmasangiz, nima qilib o‘tiribsiz bu yerda?!" deb yuborgan paytlarim ham bo‘lgan.

- Balki qandaydir axloq normalari bordirki, chegaradan chiqish kerak emasdir? Ba'zan sal befarqroq yo sal andishaliligimiz kasodga uchratgandir bizni?

- To‘g‘ri, men hech narsaga aralashmasdan unvonlardan mag‘rurlanib yurishim mumkin edi, lekin men unday flyuger bo‘la olmayman.

Ko‘pincha shu yig‘ilishlarda yoqamni tishlab qolaman-da. Umrida birorta kino ishlamagan kino atrofida yurgan odamlar o‘zbek kinosi haqida og‘zini ko‘pirtirib gapirishga juda usta. Lekin birortasi o‘ylamaydiki, "Hoy to‘xta, men o‘zimga chetdan bir qaray. Nima qilib qo‘yganman o‘zbek kinosi uchun? Nima hissa qo‘shganman? Birorta pichoqqa ilinadigan film yaratganmanmi" deb. Yo‘q, bu haqida o‘ylashmaydi.

Men noto‘g‘ri gap, nomunosib gapni ko‘tara olmayman.

- Va shu bilan atrofingizda dushman orttirasiz?

- Bo‘lsa bordir. Lekin hech o‘sha aytgan gaplarimdan afsuslanmayman. To‘g‘rini to‘g‘ri deyman. Juda ko‘p filmlar bor, masalan, menga ma'qul bo‘lgan, lekin negadir bularni hisob cho‘tiga tushirishmaydi. Ikki qo‘lim bilan qanchadan-qancha filmlarning tarafdori bo‘lganman. Men ulardan aqlliman demoqchi emasman, lekin kino sohasida (kino juda tor mutaxassislik, men masalan teatr, adabiyot, tasviriy san'at sohasida birov bilan bahslashmayman) e yo‘q-be yo‘q, kurakda turmaydigan gaplarni gapirsa, odam chiday olmaydi. Ular teatr, musiqa, tasviriy san'at sohasida ham shunday gapirishlari mumkin.

Endi tasavvur qilib ko‘ring, yaqiningiz kasal bo‘lib qoldi, shifokorlarning konsilium degan narsasi bor, o‘shanday bir delitant kirib aql o‘rgatsa... Haydab yuborasiz, chunki sizning jigaringiz o‘sha yerda yotibdi. Biz ham qaysidir ma'noda insonlarni davolaymiz. Ijodkorning vazifasi avvalambor - odamlarga qandaydir ezgulik, insonparvarlik g‘oyalarini kiritish. Shuning uchun ko‘plarga mening gapim yoqmaydi. Dangalini yuziga aytaman.

Kino sohasida soxtaliklar juda ko‘p uchrayapti. Bilimsizlik va eng achinarlisi, mana shu amalparast, kino atrofida yurgan yoshi o‘tgan diletantlar shaxsan mening orqamdan meni yoshlarga qarama-qarshi qilib qo‘ymoqda. Vaholanki, mening o‘zimning kino maktabim bor, qizim ochib berdi, chunki San'at institutiga 10 yil oldin borgandim, sobiq rektor osmondan tushgandek menga qarab "Siz kimsiz? Qanaqasiga siz bu yerda domla bo‘lasiz?" degan. "Iya, omin" deb, o‘rnimdan turib chiqib ketganman.

- Chunki sizni eng katta tanqidchi sifatida bilishadi va shu bilan birgalikda ayrimlar nimagadir sizni yoshlarni sindirishga harakat qiladi, deyishadi.

- Yo‘q, bu noto‘g‘ri gap. Men yoshlarimizni juda hurmat qilaman. Mana hozir o‘zimning maktabimda 15 nafar shogirdimni tunu kun filmlar ko‘rsatib o‘qityapman. Haftasiga o‘rtacha 10 ta film ko‘rsatdim. Yoshligidan amalparastlik, poraxo‘rlikka o‘rganmagan, to‘g‘riso‘z, xushmuomala yoshlar bor. Biroq men nafaratlanadigan yoshlar borki, ular birinchidan, o‘ta bilimsiz, ikkinchidan, o‘ta qo‘pol, uchinchidan, ko‘zida faqat pul, amal! Ko‘plari sotqin. Unaqa yoshlardan, ochig‘i, hazar qilaman.

- Balki ba'zi narsalarga befarq qarash kerakdir?

- Yo‘q, afsuski, men befarq qaray olmayman, chunki bu mening hayotim. Mening xobbi yo boshqa bir narsam yo‘q, kino - mening butun hayotim. Shu yerga kelaman - ishlayman, uyga boraman - ayolim ovqat beradi, so‘ng kompyuterga o‘tiraman - ssenariy, kino... shu bilan kun tugaydi.

- Xususiy studiyangizni ochish niyatingiz yo‘qmi?

- Yo‘q, xususiy studiyalarimizning ahvolini ko‘ryapman. Prokat tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Oldin bor edi bir shaxsiy studiya - Yaponiya buyurtma qilgan - "Yaratganga shukur" filmi ishlangan. Qancha chig‘iriqdan o‘tganmiz. Bu filmni yaratganimizdan keyin yaxshi hammasi pulini to‘lashdi, tinch o‘tdi.

Endi homiyni ishi nimadan iborat? "Mana bu ashulachini, mening qizim yo jiyanimni olasan, u bo‘lsin, bu bo‘lsin..." Stsenariy kerak emas. Hammasi bir xil.

- Bolaligingizda ham shunday hamma narsani ko‘ngliga yaqin oladigan inson bo‘lganmisiz yoki qaysar, to‘polonchimi?

- Yo‘q, g‘irt a'lochi bo‘lganman. Dadam rahmatliga (menga buni gapirish juda og‘ir) birorta filmimni ko‘rish nasib etmagan. Moskvada o‘qib yurgan kezlarimda to‘satdan qazo qilganlar. Bu mening hayotimdagi eng katta armonim...

Tug‘ilgan joyim aslida Olmaliq bo‘lgan ekan, 2 oylik chaqaloqlik vaqtimda Toshkentdagi Qorasaroy ko‘chasining narigi tomonida 2 qavatli domlarning ichida katta bo‘lganman. Yozgi ta'til esa buvimnikida, Oqqo‘rg‘on qishlog‘ida o‘tardi. Dadamlar yoshligimdan bir narsani aytardi, buni yoshlarga ham aytish lozim: Bir kuni bir sinfdoshim "Men ko‘chaning bolasiman" deb gerdaydi. "Dada, ko‘chaning bolasiman degani nima degani?" deb so‘rasam, "O‘g‘lim,  bunday bola yaxshi odam bo‘lmaydi, yodingda bo‘lsin. Ko‘chada shunday deydigan bolalarga qo‘shilmagin ham. "Ko‘chaning bolasiman" degani - na ota va na onaning tarbiyasini olgan, na birorta kitob o‘qigan, ertalabdan kechgacha ko‘chada yurib, yo‘lto‘sarlardan chiqqan odam. Shu bola katta bo‘lgach, katta yo‘lto‘sar bo‘ladi" derdi. Maktabga ketayotganimda har kuni oyimlar pirojkiga deb 20 tiyin pul berardilar. Mahallamizda boshi berk ko‘cha bor edi, o‘sha yerda bir bola 5-6 boladan shu pulni yig‘ib olardi. Bir kuni jonimizga tekkach, shu bolalar hammamiz uni do‘pposlab, toshbo‘ron qilganmiz.

- Nahotki, "qaytar dunyo" degan narsa bo‘lmasa, "halol va harom rizq o‘z aksini ko‘rsatadi" degan gapni inkor etsangiz?

- Tug‘uruqxonada chaqaloq tug‘ildi, deylik, 7 kunlik chaqaloq. 7 kunlik chaqaloqqa 20 metr keladigan, qovun ortadigan Hammer, tang‘ir-tung‘ur, videolarning nima keragi bor?! Hamma gap nimada? "Mana bizning boyligimiz oshib ketdi, biz boshqalardan boymiz" degan gapda. Aytadi-ku, "Ko‘rmaganni ko‘rgani qursin" deb. To‘ylarimizga borib ko‘ring... vertolyot uchib yuribdi tepada! Kranlar...men badiiy kinoda ishlatmaydigan kranlar... Yana yoshlarimiz hind kinolariga o‘xshab tog‘larda s'yomkalar qiladi. Bir yildan keyin qanchasi ajrashib ketadi! Qancha pul uvol?!

Uch yilcha avval bir tanishimiz to‘y qildi. Kuyov xo‘mrayib o‘tiribdi. Keyin bilsak, kuyovga qiz yoqmagan, dadasining gapirga kirib uylangan, do‘stining qizi ekan. Nima bo‘ldi? 4 oydan keyin ajrashdi! Million-millionli mebellarni olib ketishdi. Bu nima degan gap?!

Yaqinda bir notanish kishi keldi bir iltimos bilan, kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan kishi. "Gap shundaki, qiz tomon nozikroq, boyroq, shunga  siz yolg‘ondan uzoq qarindoshimiz bo‘lasiz" deydi. "Iya, men o‘g‘lingizni tanimasam, sizni ham birinchi marta ko‘rib turgan bo‘lsam" dedim. "Aka, biz uchun shudoq chiqasiz-da, "Jiyanimizni tabriklab, baxt tilab qolaman" deysiz-da, keyin tinchgina ovqatingizni yeb o‘tiraverasiz, yarim soatgina vaqtingizni ayamang, 200 dollar beraman" dedi. Ba'zi o‘rtoqlarim "bormaysanmi" dedi. "E, qo‘yinglar" dedim.

Xonandalar ustidan pul sochish-chi?! Hokondozda pul sochish... Sharmandalik emasmi bu?! Bu bizga tekkan illat. Bu faqat bizning millatimizda bo‘layotgan narsa. Dunyoning yetakchi milliarderlari ro‘yxatiga kiruvchi yapon ishbilarmoni, NNH kompaniyasi rahbari Toshkentda bo‘lganida ko‘rishdik, uyimga keldi - oddiy 3 xonali uy, kelib "Uying juda katta-ku" dedi. "Ustimdan kulyapsizmi, nimasi katta?" dedim. Atigi 29 kvadrat metr bo‘lsa. "Yo‘q, bu yaponlar uchun juda katta" dedi. Bir oydan keyin Yaponiyaga taklif qildi. Ziyofat uyushtirib, so‘ng "Yur, senga qanday yashashimni ko‘rsataman" dedi. Ichimda "Hozir bir saroyga olib borsa kerak" deb o‘yladim. 40 qavatli uyning 22-qavatidagi 3 xonali uy ekan! Bir xonada - yotoqxona, bir xonasi - ishlaydigan joyi (kitoblar, kompyuter), uchinchisi - mehmonlarni kutadigan xona (divan, kreslo). "Kechirasizu, siz Forbes ro‘yxatidagi milliarder bo‘lsangiz" dedim. "Imperatorimizning saroyi ham mening uyimdan u qadar katta emas" dedi. Derazadan tashqarini ko‘rsatib gadoni ko‘rsatdi-da, agar zinalarimni oltindan yasatsamu, buni ko‘rib uning ko‘ngli o‘ksisa, shu o‘kinch menga ham o‘tadi, u ham yapon" dedi. Bu menga juda katta saboq bo‘ldi. Ularda boylikka, hashamatga ruju' qo‘yishmaydi. Sakkiz marta bo‘lganman Yaponiyada, haqiqatda shunday.

- Siz topgan pullaringizni nimaga ishlatasiz? Rejissyorlarni yaxshi pul topadi deyishadi-ku.

- Rejissyorlarning 90 foizi boy emas. Homiylar topiladi, 1-2 oy "lag‘mon osish" jarayoni kechadi "Aka, zo‘r kino bo‘ladi, prokatda yutamiz" degandek. "Qancha?" "A ol mana 50 ming". Oladi o‘sha pulni, o‘sha kunning o‘zidayoq yarim pulni o‘ziga sarflaydi - mashina yo uy oladi. Pulning yarmi qoladimi? 2-3 ta bir ko‘ylakda chiqib yuradigan aktyorlarimiz bor, "yulduzchalarimiz", men ularni aktyor sifatida tan olmayman. Ular "dastxat bering" deb yugurib yuradigan 14-15 yoshli qizchalarning ongiga moslab yaratilgan filmlarda o‘ynaydi.

- Lev Durov bir fikrni aytgan ekan: "Axmoqona filmda rol o‘ynagan aktyorni ayblamang. Aynan axmoqona filmda o‘ynaganlar tez taniladi". Bu nechog‘lik haqiqat bilmadimu, bu fikrga qo‘shilmayman, lekin odamlar kassabop filmlarga juda ko‘p tushyapti, shunday bo‘lsa-da, ular tanqid ostiga olinadi. Falsafiy filmlarda esa buning aksi. Bu borada Zulfiqor Musoqovning o‘z fikrlari bor.

- Hech kimning shaxsiy studiyalarga qarshiligi yo‘q, lekin ularning xalqni bir tiyinga qimmat g‘oyalar bilan zaharlashga haqqi yo‘q! Bu mening shaxsiy fikrim. Afsuski, bu filmlarning hammasi bir xil - bir xil aktyorlar, bir xil aktrisalar, mavzu ham, syujyet ham bir xil, hattoki ko‘ylaklar ham bir xil. Bu eng katta kasallik. O‘shalar hammadan ko‘p pul topadi. Qizlarga yoqadigan chiroyli 2-3 yigitimiz bor, yigitlarimizga yoqadigan qarib borayotgan "yulduzchalar"imiz bor - u yoqqa boradi qoshini qoqib, bu yoqqa boradi, yaxshi aktrisalar o‘zini gumdon qilmoqda. Men ular bilan ishlamayman, bilishadi.

- Lekin tomoshabin shunday filmlarga tushmoqda...

- Afsuski, ha. Aniq esimda o‘sha paytlar, 2005 yilda yosh bo‘lgan tomoshabin bugun taxminan 20 yoshga kirdi. Ularning ongi, didi umuman buzilgan.

- Yoshlar orasida ham professionallar bor. Kimlarni tan olasiz, hurmat qilasiz rejissyorlarimizdan?

- Ayub Shaxobiddinov, Yolqin To‘ychiyev - ularning professionalligini tan olaman, lekin ularning ichki, badiiy dunyosi menga yaqin emas. Yaqinda Aleksandr Gomerovni yaxshi bir hujjatli filmini ko‘rdim. Film afg‘on urushidagi oyoq-qo‘lsiz qolgan veteranlar haqida. Ochig‘ini aytaman, men yig‘lab yubordim. Rejissyorning birinchi hujjatli filmi ekan.

- O‘g‘lingiz sizning soyangizda Temur Musoqov bo‘ldimi?

- Yo‘q. "Osmondagi bolalar"dan keyin u o‘z xohishi bilan rejissyorlik fakultetiga o‘qishga kirib bitirdi. Birorta filmida yarim soat ham, bir kilometr narida ham turmaganman. Suratga olish guruhi guvoh. Agar men o‘sha yerda 15 daqiqa bo‘lsam, "Ha, dadasi olib bergan-da" deyishardi, unga og‘ir bo‘lardi.

- "Kuchli insonning ortida kuchli ayol turadi" deyishadi. Bunga qanday qaraysiz? Biror joyda rafiqangiz haqida gapirmagansiz.

- Nima uchun ayolim haqida kam gapiraman? Birinchidan, irimchiman. Yaxshi oilam bor, Xudoga shukur, o‘g‘lim, qizim bor. O‘g‘limni uylantirganman, shukur, mana kelinimiz 12 yildan beri biz bilan yashaydi. 2 nevaram bor. Ko‘z tegmasligi uchun oilam haqida kamroq gapirishga harakat qilaman.

- Oilaning mustahkamligi ko‘pincha kimga bog‘liq?

- Ikki tomonga bog‘liq.

- Hozir mayda-chuydalarga ajrashib ketishyapti. Oilangizning mustahkamligini nima ushlab turibdi deb o‘ylaysiz?

- Ayolim bilan 7-sinfdan beri tanishmiz. Shu bolalikdagi muhabbatimga institutning 4-kursida uylanganman. "Har kuni jannatdek yashaymiz" deganlarning gapiga ishonish kerak emas. Har xil kunlar bo‘lgan - ba'zan men xato qilganman, ba'zan u. Lekin Xudoga shukur hammasi yaxshi. Shuning uchun oila masalasida birovga maslahat berishga ojizman. Faqat bolalarim va nevaralarimga maslahat berishni lozim topaman. Xudoga shukur, yaqinlarim sog‘-salomat, tinch.

- Baxt tinchlikdami?

- Uch narsa muhim odamzot uchun: avvalambor tinchlik! Doim aytaman, tinchlik bo‘lmasa, hech narsa bo‘lmaydi. Ikkinchisi - sog‘liq, yaqinlarimiz sog‘ligi. Uchinchisi, dil ravonligi.

- Kechirimli odammisiz?

- Menga yomonlik qilgan odam bilan umuman gaplashmayman, so‘rashmayman ham.

- "Shunday yashash kerakki..." iborasini davom ettirsangiz.

- Shunday yashash kerakki, odamlardan kamroq qarg‘ish eshitish kerak. Birovning qarg‘ishidan yomon narsa yo‘q.

- Frantsuz rejissyori "Men insonlarni uch toifaga bo‘laman - aqllilar, ixtirochilar va boshqalar" degan ekan. Siz o‘zingizni qaysi toifaga qo‘shasiz?

- Boshqalarga! O‘zimni aqlli yo ixtirochi deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Shuningdek Zulfiqor Musoqov suhbat davomida rejissyor professional sifatidagi vazifasini qanchalik bajargani, o‘zining Amir Temur to‘g‘risidagi nuqtai nazari, nevaralari bilan bozor qilishni yaxshi ko‘rishi, hayotidagi sotqinliklar, nafaqaga chiqishi oldidan kechayotgan o‘ylar bilan bo‘lishdi. Suhbat so‘nggida Zulfiqor Musoqov barchaga tinchlik-totuvlik tilab qoldi.

"Afsuski, zamonimiz juda notinch. Butun boshli davlatlar yo‘q bo‘lib ketyapti. Men har doim aytaman - davlatimizga ming rahmat, shuncha yillar davomida tinchlikni saqlab kelish - juda katta gap. Oddiy gap emas, bu - eng katta boyligimiz. Shunday ekan, barchaga tinchlik-totuvlik va sog‘liq tilab qolaman".

Mavzuga oid