17 yil ichida birinchi marta. Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi tafsilotlari
Qirg‘iziston prezidenti devonining tashqi siyosat bo‘limi rahbari Oyzoda Subakojoyeva Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi. Tashrif 5-6 sentabr kunlari amalga oshiriladi. Ta'kidlab o‘tish lozim, O‘zbekiston prezidenti 17 yil ichida birinchi bor Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan keladi.
Oyzoda Subakojoyevaning aytishicha, tashrif doirasida Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev bilan tor doirada va keng tarkibda uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston rahbari bosh vazir Sapar Isoqov va Jo‘qorg‘i Kenes raisi Chinibay Tursunbekov bilan uchrashadi.
«Tashrif doirasida qator idoralararo va hukumatlararo hujjatlar imzolanadi. Asosiy yakuniy siyosiy hujjatga prezidentlar tomonidan imzolanadigan qo‘shma bayonot aylanadi, unda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha rejalar bo‘ladi. Kutilishicha, yana bir muhim hujjatga qirg‘iz-o‘zbek chegarasi to‘g‘risidagi kelishuv aylanishi mumkin», - dedi Subakojoyeva.
Samarqanddagi uchrashuvida Qirg‘iziston va O‘zbekiston prezidentlari qirg‘iz-o‘zbek chegarasining delimitatsiya jarayonini faollashtirish topshirig‘ini berishgandi. Ishchi guruhi faoliyati faollashdi va doimiy asosda yo‘lga qo‘yildi, 16 ta uchrashuv o‘tkazildi.
“Bugungi kunda umumiy chegaraning 1 ming 170 kilometri aniqlandi. Yana 217 kilometri qolmoqda. Ular bo‘yicha ish davom ettiriladi”, - dedi Subakojoyeva.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston prezidenti devoni tashqi siyosat bo‘limi rahbarining ta'kidlashicha, davlat ichidagi barcha jarayonlar yakunlangan. Kecha parlamentdagi uchta qo‘mita kelishuvni ko‘rib chiqqan va ma'qullagan. Hujjat imzolash uchun tayyor.
«Qirg‘iziston-O‘zbekiston munosabatlari tarixida davlat chegarasi to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganidan so‘ng yangi yorqin sahifa ochiladi. Uning imzolanishi hamkorlikning barcha masalalari faollashishiga turtki beradi. Asosiy urg‘u chegara oldidagi hamkorlik, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratiladi. Biroq hozirdan hamkorlik barcha yo‘nalishlarda faollashganini aytishimiz mumkin, tovar aylanmasi o‘smoqda», - deya xulosa qilgan Oyzoda Subakojoyeva.
Shavkat Mirziyoyevning tashrifi doirasida rasmiy shaxslar uchrashuvlaridan tashqari, ikki davlat ishbilarmonlari, tegishli vazirlik va idoralar, Toshkent hamda Bishkek hokimiyatlari vakillarining uchrashuvlari rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Qirg‘izistonga so‘nggi davlat tashrifi 2000 yilning oktabrida amalga oshirilgan. Shavkat Mirziyoyev esa ushbu mamlakatga davlat rahbari maqomida ilk bora keladi.
Mavzuga oid
17:30 / 14.11.2024
Qirg‘iziston Issiqko‘lni saqlab qolish uchun qo‘shnilarga kamroq suv berishi mumkin
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024