Kelajakka safar: Pley-offda O‘zbekistonga kimlar raqib bo‘lishi mumkin?
Bugun Toshkent vaqti bilan soat 15.00da Avstraliya – Tailand o‘yini bilan JCh-2018 saralash musobaqalarining Osiyo mintaqasi so‘nggi tur o‘yinlari boshlanadi. Terma jamoamizning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyati ham, umuman musobaqani tugatish xavfi ham, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritish ehtimoli ham mavjud, bu haqida oldingi maqolalardan ham tushuntirish berib o‘tganmiz.
Keling, so‘nggi tur oldidan V guruhiga chuqurroq nazar tashlaylik va bizga qaysi jamoalar pley-offda tushiish mumkinligi haqida fikr yuritaylik.
Bu guruhda Yaponiya terma jamoasi o‘tgan turdagi g‘alaba tufayli, qatorasiga oltinchi marotaba mundialda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin uchun hozirgacha teng ochko to‘plagan Saudiya Arabistoni va Avstraliya terma jamoalari kurashni davom ettirmoqda.
To‘plar nisbati bo‘yicha +2 ustunlikka ega bo‘lgan arabistonliklar bugun o‘z maydonlarida Yaponiyani qabul qiladi. Avstraliya esa, yuqorida aytilganidek, Tailand bilan o‘ynaydi. Avstraliya autsayder darvozasiga imkon qadar ko‘proq gol urishi talab etiladi. Ammo shuni e'tiborga olish kerakki, V guruhidagi o‘yinlar bir paytda o‘tkazilmaydi. Avstraliyadagi o‘yin tugagandan keyin, salkam 6 soat o‘tib Saudiya – Yaponiya o‘yini boshlanadi.
Demak, Avstraliya terma jamoasi Tailand darvozasiga imkon qadar ko‘p – 5-6ta gol urib, yaponlardan umid qilishiga to‘g‘ri keladi. Ochko kerak bo‘lmagan yaponlarning Saudiya bilan o‘yinda minimal mag‘lubiyatga uchrashiga ishonish mumkindir, lekin agar arablarga 3-4 gol urish kerak bo‘lib qolsa, bu amalga oshmasa kerak va nazarimizda, hozirda guruhda ikkinchi o‘rinda borayotgan bo‘lishsa-da, yakunda Saudiya Arabistoni pley-offda to‘p surishi haqiqatga yaqinroq.
Avstraliya terma jamoasi ustidan g‘alaba qozonish tugul, hatto ular darvozasiga shu paytgacha birorta ham gol ura olmaganimizni inobatga olsak, ikki yil oldin Osiyo kubogida g‘alaba qozonganimiz Saudiya Arabistoni pley-offda biz uchun qulayroq raqib bo‘lsa kerak. Har ehtimolga qarshi bugun soat 15.00da avstraliyaliklarning Tailand darvozasiga imkon qadar ko‘proq gol urishini istab qolamiz.
Xo‘p, pley-offning dastlabki bosqichini muvaffaqiyatli bosib o‘tdik, deylik. Keyingi raqibimiz, ko‘pchilik o‘ylayotganidek, xuddi o‘tgan yillardagidek, Janubiy Amerika vakili emas, Konkakaf (Shimoliy Amerika) guruhida 4-o‘rinni olgan terma jamoa bo‘ladi.
Bugun kechasi bo‘lib o‘tadigan Honduras – AQSh o‘yini va oktabrdagi AQSh – Panama o‘yini bu guruhda uchinchi o‘rin taqdirini hal qilsa kerak.
Taxmin qilish mumkinki, Shimoliy Amerikadan AQSh, Honduras va Panama kabi jamoalardan biri Osiyo vakiliga to‘qnash kelishi mumkin.
Bu juda uzoq va mashaqqatli yo‘l. Menimcha, bugun bor imkoniyatni ishga solib, Janubiy Koreya ustidan g‘alaba qozonishga harakat qilish osonroq bo‘lsa kerak. Omad tilaymiz.
Mavzuga oid
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
09:25 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi
18:01 / 10.11.2024