Jahon | 08:29 / 07.09.2017
19878
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya AQShning harakatlariga qanday javob qaytaradi?

Foto: AP

Rossiya AQShning RF diplomatik mulkiga nisbatan xatti-harakatlariga javob qaytarish uchun ko‘plab variantlarga ega, deya hisoblaydi Rossiyaning Qo‘shma Shtatlardagi sobiq elchisi Sergey Kislyak.

"Vazir Sergey Lavrov vaziyatni diqqatlik bilan ko‘rib chiqishimiz lozim ekanini aytib, juda to‘g‘ri fikr bildirdi. Ishonchim komilki, biz o‘z qadamlarimizni aniqlashtiramiz va qandaydir javob harakatlarini ko‘ramiz, boz ustiga buning uchun variantlar yetarli", - deya ma'lum qildi Kislyak "Izvestiya" gazetasiga bergan intervyusida.

Uning ta'kidlashicha, “har bir harakatda, xususan, San-Frantsiskodagi bosh konsullikning yopilishining o‘z o‘lchovi bor”.

"Endilikda, G‘arbiy sohilda yashab, ishlayotgan yuz minglab ruslar Rossiya davlati vakillari bilan qulay aloqada bo‘lish imkoniyatiga ega emaslar... Bizning kishilar, bizning fuqarolar og‘ir vaziyatga tushib qolishsa, odatda, elchixona yordamiga tayanishadi. Amerikaliklarning hozirda qilayotgan ishi – bu nafaqat bizning diplomatik institutlarga, balki rus fuqarolarning manfaatlariga ham zarbadir", - deya qayd etdi Kislyak.

Shu bilan birga, u AQSh va Rossiya o‘rtasidagi mojaro “normal holat” ekani haqidagi fikrga qo‘shilmadi. Xususan, jahonda ikki davlat hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan ko‘plab muammolar bor – bu terrorizm, diniy nizolar, alohida mintaqalardagi beqarorlik.

"AQSh siyosiy keskin holatda bo‘lgani sharoitida, hamkorlikka xalaqit berayotgan shunchalik ko‘p formal qarorlarni qabul qildiki, ularni yaxshi sharoitlarda ham bartaraf etish juda mushkul. Bunday holat, afsuski, ancha uzoq saqlanib qoladi", - dedi diplomat.

Shuningdek, uning fikricha, AQSh absolyut yetakchilik uchun endi imkoniyatlarga ega emas, biroq Amerika siyosiy isteblishmenti buni hozircha tushungani yo‘q va avvalgidek harakat qilishda davom etmoqda.

"AQShning jahondagi siyosatini aniqlashtiruvchi chuqur omillar bor. Ular orasida – amerikaliklarning ular alohida maqomga ega, boshqalardan ustun turuvchi mamlakat ekanliklari haqidagi ishonchlari ham mavjud", - dedi Kislyak.

Uning qayd etishicha, AQSh prezidentligi uchun saylovlarda amerikalik demokratlar va respublikachilarda bu boradagi fikr o‘xshash bo‘lgan.

"Biz uzoq muddatli inersiyaga ega davlat bilan ish ko‘rmoqdamiz... Hozir ro‘y berayotgan holat – AQShning o‘zgarayotgan dunyoga qiyinchilik bilan moslashayotgani natijasi, endi ularda absolyut yetakchilik uchun imkoniyatlar yo‘q", - deya hisoblaydi Kislyak.

Uning baholashicha, bu fakt Yevropa va Osiyodagi ko‘plar uchun ko‘rinmoqda, biroq AQSh siyosiy sinfi buni tushunmayapti.

"Ular bunga qo‘shilishni istashmayapti. Shuning uchun ham Amerika alohida maqomga ega davlat ekanini ko‘kraklariga urib hayqirishmoqda. Boshqacha aytganda, ular dunyodagi obektiv o‘zgarishlarga qo‘shilmayapti", - deya hisoblaydi Kislyak.

Uning ta'kidlashicha, Rossiya bu fonda o‘z manfaatlarini himoya qilishga, jumladan kuch bilan ham, tayyor bo‘lgan davlatga aylandi.

"Aynan shu amerikaliklar uchun chaqiriq bo‘ldi, ular bunga ko‘nika olishmayapti. Bunga ko‘nikish uchun ularga uzoq vaqt kerak bo‘ladi. Bu davr mushkul va uzoq bo‘ladi. Biroq, bu obektiv reallik. Jahon o‘zgarmoqda", - deya hisoblaydi RFning AQShdagi sobiq elchisi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid