O‘zbekiston | 19:31 / 07.09.2017
21339
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyati hokimi harbiylar hayoti bilan tanishdi

Mamlakatda mustaqillik yillarida xavfsizlik va barqarorlikni, uning sarhadlari daxlsizligini ta'minlashda taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir, zamonaviy, harakatchan, har tomonlama qurollangan armiyani tashkil etish bosqichma-bosqich amalga oshirildi.

Prezidentning 2017 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarini yanada takomillashtirish va isloh qilish dasturi to‘g‘risida”gi qarorini nafaqat shaxsiy tarkib va ularning oila a'zolari, balki keng jamoatchilik ko‘tarinki ruhda kutib oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Samarqand shahrida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan dolzarb va ustuvor vazifalar bu borada olib borilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirib, harbiy salohiyatni mustahkamlashda yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Harbiy qism va bo‘linmalarda sog‘lom ma'naviy muhit, yuksak madaniyat qaror topgan. Milliy armiya safida xizmat qilayotgan yigitlar jismonan sog‘lom va baquvvat, intellektual salohiyatli bo‘lib yetishmoqdalar. Shu bois, yoshlarimiz safida armiyada xizmat qilishga qiziqish va intilish tobora kuchayib borayotir.

Buni birgina Sirdaryo viloyat Guliston garnizonida xizmat qilayotgan, ko‘zlaridan o‘t chaqnab turgan ofitser va zobitlarning g‘ayrat-shijoati, chaqqon va epchil hamda hushyorliklari timsolida ham ko‘rish mumkin. Milliy armiyada umrini yurt taqdiri, tinchligi va osoyishtaligi bilan chambarchas bog‘lagan viloyatdagi 23 ta qism ofitser va askarlari sarhadlarni ko‘z qorachig‘idek asrab, yurt tinchligi uchun kurashib, tunlarni bexalovat o‘tkazib kelmoqdalar.

Bugun Guliston garnizonida ofitser va askarlar  bilan ularning oilalari, farzandlari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ham Qurolli Kuchlarning sergakligi, yurtga sadoqati, mard va jasurligi yaqqol sezilib turdi.

Bu yerda “Kitob bilan har bir xonadonga” loyihasi doirasida o‘tkazilgan kitob yarmarkasi tashkil etildi. Ofitserlar, ularning oilalari “Sharq” nashriyoti birlashmasi ko‘rgazmada taqdim etgan badiiy va tarixiy kitoblarni sotib oldilar. Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev garnizonda sergaklik va hushyorlik bilan xizmat qilayotgan askarlarga yanada katta ishonch bildirdi. Xizmat burchini sabot bilan o‘tayotgan, yurt tinchligi uchun kurashayotgan, jangovar va taktik mashqlarda barcha safdoshlariga ibrat bo‘layotgan bir guruh muddatli harbiy xizmatchilarni kitoblar bilan taqdirladi.

Hokim oddiy askarlar yashayotgan yotoqxonalarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Trenajyor zallaridagi qurol-aslahalarni mashq qilish xonalari, sport maydonchalaridagi qulayliklarni borib ko‘rdi. Maydonda saf tortgan  askarlarga Vatan ishonchi, Prezident ishonchlarini oqlashlarida yuksak yutuqlar tiladi.

Narzulla Fayz olgan suratlar

Mavzuga oid