17:19 / 09.09.2017
14091

Toshkent davlat agrar universiteti xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Foto: ToshDAU

Hozirgi kunda Toshkent davlat agrar universiteti Yevropa, AQSh, MDX davlatlarining rivojlangan oliy ta'lim muassasalari va o‘quv markazlari bilan hamkorlik aloqalarini olib boradi.

Universitet chet el OTM va ITIlari bilan 40 dan ziyod shartnoma va memorandumlar imzolagan. Bunga oxirgi ikki yil davomida universitet rahbar va pedagog xodimlarining 100 dan ortig‘i malaka oshirish kurslariga, stajirovkalarga hamda 200dan ziyod talabalar chet el universitetlarida ishlab chiqarish amaliyotlariga yuborilganini misol qilib keltirsak bo‘ladi. Koreya milliy tadqiqotlar fondi bilan tuzilgan shartnoma asosida hozirgi kunda ikkita koreyalik professor universitetda faoliyat olib bormoqda.

Universitetning taklifi asosida va xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida 8 sentabr kuni ECO science foundation prezidenti Manzoor Husayn Somro ToshDAUga tashrif buyurdi. 

ECO science foundation – Xalqaro tashkilot 2011 yil 20 dekabrda Islomobod (Pokiston)da tashkil etilgan. 

Tashkilotga Afg‘oniston, Ozarboyjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston a'zo bo‘lgan. ECO science foundation a'zo bo‘lgan mamlakatlarning oliy ta'lim tizimini rivojlantirish maqsadida oliy ta'lim muassasalariga grantlar ajratadi. 

Tashrif davomida janob Manzoor Husayn Somro universitet rahbariyati bilan uchrashdi va ECO science foundation hamda ToshDAU o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatish maqsadida memorandum imzoladi. 
Universitetning hayotida yana bir muhim voqea hisoblangan Xitoy Xalq Respublikasi Baliqchilik Fanlari Akademiyasi vitse-prezidenti Liu Xongmey xonim boshchiligidagi delegatsiya tashrifi bo‘ldi. 

9 sentabr kuni Liu Xongmey xonim universitet rektori Botirjon Sulaymonov bilan uchrashdi. 

Uchrashuv chog‘ida Xitoy Xalq Respublikasi Baliqchilik Fanlari Akademiyasi vitse- prezidenti Liu Xongmey universitet rektori Botirjon Sulaymonov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Mexmonlar universitetda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va xalqaro loyihalar haqida xabardor qilindi. Tashrif davomida universitet professor o‘qituvchilari Xitoy Xalq Respublikasi agrar universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishtirildi va qilingan ishlar mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.

Top