Jahon | 16:50 / 11.09.2017
14986
2 daqiqa o‘qiladi

Meksikadagi zilzila paytida sirli chaqinlar yuz berdi

Foto: Twitter/lalocedeno

Meksikada bir necha kun avval magnitudasi 8,2 bo‘lgan juda kuchli zilzila yuz berganida, unga osmondagi yorqin chaqinlar hamrohlik qilgan. Bu haqda Sciencr portalida xabar berildi.
 
Bunday noodatiy holatlar zilzilalar paytida avval ham kuzatilgan. 2014 yilda olimlar buning sababini topishdi. Nurlanishlar chaqmoqlar yoki Meksika ustidan uchib o‘tayotgan samolyotlar bilan bog‘liq emas. Ularga tog‘ jinslari sababchi bo‘lgan. Nurlanish turli shakllarda bo‘lishi mumkin – moviy rangdagi yog‘du, nurli sharlar yoki chaqmoqqa o‘xshash qisqa chaqinlar.

«Ma'lum bir jinslarda yig‘ilib qolgan kuchlanish salbiy zaryadlangan kislorod atomlari juftlarini buzishi hamda ularga jinsdagi yoriqlar orqali yuzaga elektr toki ko‘rinishida chiqishiga imkon berishi mumkin. Agarda, atomlar ko‘p bo‘lsa, ular havo cho‘ntaklarida havoni ionlashtiradi va nur chiqaruvchi plazmani tashkil etadi», - deya aniqlik kiritdi geologiya professori Laylo Ertolaxti.

Xususan, bunday chaqinlar AQShning Missuri shtatida 1811-1812 yillarda, San-Frantsiskoda 1906 yilda, Kvebekda 1988 yilda va Italiyada 2009 yilda ro‘y bergan kuchli zilzilalardan avval kuzatilgan.

Avvalroq Meksikada zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 90 kishiga yetgani xabar qilingandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid