Bugun okean ortida futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlari boshlanadi. 48 jamoa ishtirokidagi turnirni mezbonlardan biri bo‘lgan Meksika va 16 yil oldingi mundialga mezbonlik qilgan JAR milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ochib beradi. Quyida A guruhidan o‘rin olgan jamoalar haqida asosiy ma’lumotlar va ularning imkoniyatlari haqida.

A guruhi taqvimi

1-tur

12 iyunga o‘tar kechasi, soat 00:00 (Toshkent vaqti)
Meksika – JAR

12 iyun, soat 07:00
Janubiy Koreya – Chexiya

2-tur

18 iyun, soat 19:00
Chexiya – JAR

19 iyun, soat 06:00
Meksika – Janubiy Koreya

3-tur

25 iyun, soat 06:00
Chexiya – Meksika

25 iyun, soat 06:00
JAR – Janubiy Koreya

Meksika

Murabbiy

Jamoa oxirgi Amerika kubogida guruhdan chiqa olmagach, 2024 yil iyulida bosh murabbiy Hayme Losano o‘rnini Haviyer Agirre egalladi – bu uning uchun jamoa boshqaruviga uchinchi bor kelishi bo‘ldi. U oldin ham ikki marta meksikaliklarni jahon chempionatlariga olib borgan – 2002 va 2010 yillarda. Ikkala holatda ham jamoa pley-offga chiqqan, ammo 1/8 finaldan ortga qaytgan.

Ushbu mutaxassis Meksika bilan ikki marta KONKAKAF Oltin kubogini qo‘lga kiritgan, futbolchilik vaqtida esa 1986 yilgi jahon chempionatida jamoaning asosiy futbolchisi bo‘lgan – ammo chorak finalda Germaniyaga qarshi o‘yinda qizil kartochka olgan, yakunda meksikaliklar penaltilar seriyasida yutqazishgan.

Yulduzlar

Jamoatchilikning e’tibori birinchi navbatda 40 yoshli Gilermo Ochoaga qaratilmoqda. Ushbu darvozabon uchun bu safargi mundial oltinchisi bo‘ladi – bu ko‘rsatkich bo‘yicha u Messi va Ronaldu bilan bir qatorda mutlaq rekord egasi bo‘ladi. Shu bilan birga, u maydonga tushishi dargumon. U 2024 yil noyabridan buyon milliy jamoa darvozasini qo‘riqlamayapti, 2026 yilda meksikaliklar darvozasini «Gvadalahara» posboni Raul Ranhel hech kimga bermayapti.