Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Feedback. Nihoyat «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamada
«Kun.uz» saytida jurnalist Sherali Mamadetsoyevning «Bajarib bo‘lmas topshiriq»mi yoxud qonun ijodkorlariga aytar so‘zim bor» nomli maqolasi nashr etilgach, maqolaga munosabatlar kela boshladi. Maqolada O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish fursati yetdi», deya ta'kidlaganlariga ham hademay 7 yil to‘lishi eslatib o‘tilib, «Yetti yilda beshikdagi go‘dak maktab o‘quvchisiga aylanadi. Nahotki bir qonunni ishlab chiqish shuncha vaqt olsa?» deb savol qo‘yilgandi.
O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi ijrochi direktori, ekspert Otabek Izzatillayev maqolaga munosabat o‘laroq quyidagilarni yo‘llagan.
«Bu maqola biz ekspertlarni xursand qildi. Demak, oddiy fuqarolarimiz qonunchilikdagi o‘zgarishlarga, eng asosiysi, jarayonlarga befarq emas. Ammo maqolani nashr etishda biroz shoshqaloqlikka yo‘l qo‘yilganini ta'kidlash joiz.
Maqolada bildirilgan fikrlar amalda ham shundaymikin?!
Quyida qonun ijodkorlari tomonidan qilingan ba'zi bir ishlarni havola etamiz. Shoyad jurnalist haqmidi yo yo‘qmi, deputatlar ishlayaptimi yo yo‘qmi?.. degan savolga javob topilsa.
Ma'lumot o‘rnida aytish lozim, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan yaqin bir necha yildan buyon «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yuzasidan yetarlicha amaliy ishlar qilindi.
Ma'lumki, jamoatchilik nazorati fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini hamda qonun hujjatlari talablariga davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan og‘ishmay rioya etilishini, ular oldida turgan vazifalarning samarali amalga oshirilishini ta'minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Aynan shuning uchun o‘z oldiga kuchli fuqarolik jamiyati shakllantirishni asosiy maqsad qilib olgan mamlakatimizda, jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, uni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq Konstitutsiyamizda davlatning jamiyat oldidagi mas'ulligi mustahkamlab qo‘yildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasida «davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'uldirlar» deb belgilab qo‘yilgan.
Bosh Qomusimizda bunday normalarning mustahkamlangani, o‘z navbatida davlat organlari faoliyati ustidan ta'sirchan jamoatchilik nazoratini olib borishga qodir bo‘lgan turli fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga oid qonunchilik tizimi shakllanishiga zamin yaratdi.
Yuqorida qayd etilgan konstitutsiyaviy qoidalar 100dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarda, shu jumladan «O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunlarda hamda boshqa qonun hujjatlarida o‘z aksini topdi.
Shuningdek, jamoatchilik nazorati institutining izchil rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadigan boshqa qator qonunlar ham qabul qilindi. «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir. Mazkur hujjatlar davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini ta'minlash, bunday nazoratni samarali amalga oshirish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan.
Shunday qilib, mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini olib borish bo‘yicha normativ-huquqiy baza shakllantirilgan bo‘lib, u tizimli ravishda rivojlanib bormoqda.
Shu bilan birga, milliy davlatchilik hamda jamiyatni demokratlashtirish va erkinlashtirish jarayonining bosqichma-bosqich rivojlanib borishi samarasi o‘laroq fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi ortib bormoqda. Bu esa jamoatchilik nazorati bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, uni eng yuqori pog‘ona, ya'ni konstitutsiya darajasida mustahkamlashni talab etadi.
Shunga muvofiq, 2014 yilda Bosh qomusimizning 32-moddasiga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq yurtimizda jamoatchilik nazorati konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi.
Ta'kidlash lozimki, o‘tgan davr mobaynida «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonun loyihasini tayyorlash uchun tarkibida parlament a'zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va ularning uyushmalari vakillari hamda boshqa ekspertlardan iborat bo‘lgan Ishchi guruhi tuzildi.
Ishchi guruhi tomonidan Qonun loyihasini tayyorlash uchun 100dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar tahlil qilindi, jamoatchilik nazoratiga oid xorij tajribasi, olimlar va mutaxassislarning qarashlari hamda sohada olib borilgan ilmiy ishlar o‘rganib chiqildi.
Mazkur har bir o‘rganishlar natijasi bo‘yicha alohida tahliliy materiallar tayyorlandi.
Qonun loyihasiga bag‘ishlangan 30ga yaqin tadbirlar (konferensiya, seminar, «davra suhbatlari» va boshqalar) tashkil etildi.
Qonun loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamalari o‘tkazildi. Unga bag‘ishlab media va bosma mahsulotlar tayyorlandi va OAV orqali tarqatildi. Masalan, joriy yilning 16 iyun kuni «Taraqqiyot markazi»da Qonun loyihasi qator nodavlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Qolaversa, Qonun loyihasining Internet muhokamasi ham tashkil etildi. Masalan, Qonun loyihasi www.strategy.gov.uz va boshqa saytlarda muhokama qilindi.
Qonun loyihasi yuzasidan 150ga yaqin takliflar kelib tushdi. Kelib tushgan takliflar asosida Qonun loyihasi yanada takomillashtirildi.
Joriy yilning 15 avgust kuni bir qator deputatlar tashabbusi bilan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Mazkur Qonun loyihasi parlamentga kiritilgandan so‘ng ham uning jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlangan ko‘plab tabirlar o‘tkazilmoqda. Masalan, birgina joriy yilning 9 sentabr kuni Andijon, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida Qonun loyihasiga bag‘ishlab «davra suhbatlari» o‘tkazildi.
Bundan ayon bo‘ladiki, mazkur qonun loyihasi maqola e'lon qilinishidan ancha avval deputatlar tomonidan parlamentga kiritilgan. Bugungi kunda qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishga kiritish uchun tayyorlanmoqda. Biz fuqarolarimiz, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalaridan yoki bu borada qiziqish bildirgan har qanday tashkilot, idora vakillaridan qonun loyihasi yuzasidan aniq takliflarni kutib qolamiz».
Mavzuga oid
19:32 / 15.05.2026
“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
15:26 / 18.02.2026
Davlat bayrog‘ini namoyish etishda yagona talablar joriy etiladi
16:19 / 16.02.2026
Iste’molchilar shartnomalarida noqulay shartlar cheklanadi
12:27 / 16.02.2026