Jamiyat | 18:18 / 14.09.2017
48262
6 daqiqa o‘qiladi

Namanganlik onaxon sudlarga qatnab tinkasi quridi. Unga kim quloq tutadi?

Tahririyatimizga har kuni yuzlab qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Turli muammolar, turli mavzular. Kimdir rahmat aytgan, kimdir xato va kamchiliklar yuzasidan fikr bildirgan, yana kimdir esa dardu hasratini izhor etgan. 

Ana shunday qo‘ng‘iroqlardan birida Namangan viloyati Norin tumanidan Tojixon ona Davronova o‘z muammosini bizga bayon qildi. KUN.UZ saytiga qo‘ng‘iroq qilishni tuman ichki ishlar boshqarmasida Tojixon onaning murojaati bilan shug‘ullangan xodim maslahat bergan. Boisi, Tojixon ona sodda bir qishloq ayoli bo‘lib, hatto KUN.UZ sayti haqida tasavvuri ham yo‘q. Shunchaki, 2 yildan beri chigallashib ketgan muammoga yechim qidirayotgan jabrdiydalardan biri. 

Namangan viloyatiga safarimiz chog‘ida biz Tojixon ona bilan ko‘rishdik. Viloyat hokimligi huquqshunosi Doniyor Ermatov ishtirokida ularning murojaatini tingladik.

“2012 yilning bahor oylarida Mahmudjon ismli shaxsning oilasi bizdan 9 ming dollar qarz oldi, avgust oyiga borib 6 ming dollar oldi. O‘shanda “Agar to‘lay olmay qolsak, uyimizni sotamiz” deyishdi. Tilxat ham bor yozib berishgan. O‘sha yili 14 noyabr kuni meni uylariga olib borishdi. Mahalla qo‘mitasi vakili Ra'noxon Sattorovani ham chaqirib kelishib, “Opaga uyni 15 ming dollarga sotdim. Shunga dalolatnoma yozib bering” deyishdi. Mahmudjon “Opa, hozir sizga dalolatnoma orqali sotaman, keyin notariusga beraman” dedi. Kelasi yili xorijda ishlagan katta o‘g‘lim qishda keldi va notarius orqali rasmiylashtirish kerakligi haqida aytdi. So‘ng Mahmudjon, ularning o‘g‘illari, mening o‘g‘illarim notariusga borishdi. U yerda esa “Egaliklaringiz yo‘q ekan, hozir egaligi tiklanmasdan turib, notarius qilib bo‘lmaydi” deyishgan. Mahmudjon shundan so‘ng egaligini tiklab bermadi. Turli-tuman bahonalar qilib kelaverdi. 2015 yilning mart oyida ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan o‘g‘limni uylantirdim. O‘sha yilning iyun oylarida mahalla qo‘mitasi vakillari, mahalla posbonlari, uchastka noziri, kadastrdan bir odam bo‘lib, uyni o‘lchashgani borishgan. U yerda yashaydigan o‘g‘lim kirgizmagan ularni. 

2016 yilda meni sudga chaqirishdi. Chaqiruv qog‘ozi o‘g‘limni uydan majburiy tarzda chiqarib yuborish haqida ekan. Sudda sudya egalik yo‘q ekani, kelajakda uni tiklab, sudga murojaat qilish huquqi haqida gapirdi. Ularning advokati mening nomimdan bildirishnoma yozdirib olib, turli joylarga topshirishgan va 8 kunning ichida egalikni tiklab olishgan. So‘ng yana sudga berishdi, yana rad qilindi. Avgustda Namanganda yana rad qilindi. Oktyabr oyida esa ular egasizdan egalikni talab qilib olish bo‘yicha sudga berdi. Oxirida “uyni olib berilsin” deb qaror chiqarildi. Keyin uch oy sarson bo‘ldik, so‘ng bir advokat yordamida sudga murojaat qildik. U yerda avvalgi qaror rad etildi. So‘ng ular yana sudga berishdi. Oxirida ularni kirgizib qo‘yishdi. Hozirgacha 13 marta sud bo‘ldi. Endi ular o‘g‘lim va kelinimni berishibdi. Mening o‘g‘limni uydan chiqarish haqida hech qaysi sudda aytilgani yo‘q. Barcha sudlarning qog‘ozida “Dalolatnoma asosida sotib olingan” deb yozilgan. Oxirida sudlar ham aynib ketdi. “Siz umumiy tartibda pulga bering” deyishdi. 2015 yilning dekabr oyida Mahmudjon egalikni tiklash bo‘yicha murojaat bergan. So‘ng hokim nizoli uy ekanini ko‘rib, rad qilgan. Sudga berishganidan keyin, advokatlari qalbaki hujjatlarni tayyorlab, egalik tiklab oldi. Qalbaki hujjatlar haqida gapirsam, sudlar prokuratura, ichki ishlarga chiqing, deydi. O‘zimizning hokimiyatga borsam, “Advokatingiz bilan keling” deyishadi. Har bir joyga advokatni olib yurgani menda mablag‘ yo‘q. Bor mablag‘imni ham shuncha sudlarga yugurib yurib tugatdim. Orada prokuraturaga yozgandik, prokuror protest keltirib berdi. Biroq u ham ish bermadi. Ular uyni sotuvga ham qo‘ymayapti”, - deydi Tojixon Davronova.

Biz bu masala bo‘yicha Namangan viloyati hokimligi bosh yuristkonsulti Doniyor Ermatovning ham fikrlarini tingladik. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayol ko‘chmas mulklar bilan bog‘liq oldi-sotdilar notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi majburiy ekanligi to‘g‘risidagi qonun talablarini yetarli darajada tushunmaganligi sababli bugungi kunda kuyib, sarson bo‘lib yuribdi. U onaxonga yordam berishga harakat qilishini aytdi.

Moddiy tomondan Tojixon onaning murojaatiga homiylarni jalb qildik. 2 yil davomida 10 martadan ko‘proq sud bo‘lgan ishdan onaxonning tinkasi qurigan. Yagona umidi viloyat hokimligidan. 

Ammo ish biz o‘ylagandek bo‘lib chiqmayapti. Umid qilamizki, tuman hokimining qalbaki hujjatlarga asoslanib chiqargan qaroriga sudyalar e'tibor qaratishadi. Viloyat hokimligi masalani ham uzil-kesil hal qilishi kerak. Hozircha ba'zi savollarga javoblar mavhumlikdan iborat. Voqealar rivojini kuzatamiz...

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid