Iqtisodiyot | 09:36 / 14.09.2017
7571
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Shimoliy Koreya sababli Xitoy bilan savdoni to‘xtatishi mumkin

AQSh Shimoliy Koreya bilan biznes olib borayotgan har bir davlat, jumladan Xitoy bilan savdoni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin ma'lum qildi.

Mnuchin Fox News telekanaliga bergan intervyusida jurnalistning AQSh Xitoy bilan ham savdoni to‘xtatishga tayyorligini bilish maqsadida bergan savoliga “Istalgan davlat bilan. Hech kim istisno qilinmaydi”, deb javob bergan.

Mnuchinning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreyaga iqtisodiy bosim o‘tkazishni davom ettirmoqchi. “Biz BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalaridan mamnunmiz, biroq bu yetarli emas. Moliya vazirligi bu borada ko‘proq ish qilish maqsadida prezident bilan birga ishlaydi”, deb qo‘shimcha qilgan Mnuchin.

Tramp sentabr boshida AQSh “Shimoliy Koreya bilan biznes olib boruvchi istalgan davlat bilan barcha savdo ishlarini to‘xtatish imkoniyatini” ko‘rib chiqayotganini aytgandi.

Mavzuga oid