«Qora oltin» vasvasasi-2. Nega viloyatlarda yoqilg‘i muammo?
Kun.uz saytida 14 sentabr kuni Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining «Qora oltin» vasvasasi sarlavhali maqolasi nashr qilingach, o‘quvchilardan e'tirozli munosabatlar kela boshladi. Maqolada neft va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari mamlakat hududida noqonuniy aylanishi bo‘yicha uchrayotgan holatlar aniqlangani keltirilib, bunday holatlarga qarshi kurashish targ‘ib qilingandi.
Deyarli har kuni markaziy telekanallarda poytaxtdan viloyatlarga benzin olib ketayotgan haydovchilar qonun buzuvchilar sifatida sazoyi qilinadi, bojxonachilarimiz respublika ichida noqonuniy aylanayotgan neft mahsulotlari qo‘lga olingani haqida sharaf bilan xabar berishdan charchamaydilar, viloyatlardagi ko‘chalar bo‘yida yelim idishlarda yoqilg‘i sotayotganlar bir qarashda birovning hojatini chiqarishayotgan bo‘lishsa ham hammaning ko‘ziga baloday ko‘rinadi.
Albatta, neft mahsulotlari belgilangan tartibda tashilishi, qat'iy narxlarda qonuniy sotilishi shart, buni hech kim inkor etmaydi. Lekin shuncha cheklovlarga qaramay noqonuniy yo‘llarni tutayotganlar nega kamaymayotgani to‘g‘risida bir o‘ylab ko‘rish, hammasini ro‘y-rost aytish fursati kelmadimikan?
Agar oshkoralik tamoyiliga amal qiladigan va barcha bilib turgan gapni bo‘lsak, hamma mazmun bir jumlaga joylanadi: poytaxtdagi AYoQShlarda benzin bor, emin erkin sotilmoqda, viloyatlar esa bunday ne'matdan mahrum. Tamom!
Ayni shuning uchun ham har qancha cheklansa ham, tutib jazolansa ham, musodara qilinsa ham benzin tashish davom etaveradi. Modomiki, viloyatlardagi haydovchilar qonuniy xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lmas ekanlar, noqonuniy savdo avj olaveradi. Chunki ayrim hududlarimizda yoqilg‘ini qonuniy xarid qilishning mutlaqo imkoni yo‘q.
Keling, oddiy misollarga murojaat qilamiz. Internetni titkilasangiz, AYoQShlarda paydo bo‘layotgan va kilometrlab cho‘zilayotgan avtomobillardan iborat navbatlar videosi talaygina. Bir foydalanuvchi erinmay 3 kilometrga cho‘zilgan navbatni suratga olgani ham bor gap. Haydovchilar benzin kutib tushgacha umrlari o‘tayotgani, shuncha kutib ham ko‘p hollarda yoqilg‘i quya olmayotganlari, oxir-oqibat «qo‘l»dan to‘rt-besh mingdan sotib olayotganlarini aytib nolishadi. Xo‘sh, oddiy savol, bunday insonlar nima qilishlari kerak? Sotilishi lozim bo‘lgan joyda sotilmasa, to‘rt g‘ildirak aylanib turishi shart bo‘lsa? Og‘izda bo‘lsa ham butun tizimning po‘stagini yaxshilab qoqqanlaricha ikki barobar narxda bo‘lsa ham sotib oladilarda.
Bir voqeaga e'tibor bering. Toshkentdan viloyatga yo‘lga chiqqan haydovchilardan biri u tomonlarda yoqilg‘i taqchilligini hisobga olgan holda ikkita idishda 50 litr zaxira qilib yo‘lga tushadi. Mashinani to‘xtatgan YPX xodimlari bunga e'tiroz bildirishadi va benzin musodara qilinishini aytishadi. Haydovchi bu benzin qaytish uchunligi, borgan joyidan sotib ololmasligini bildirganida «Mayli, 30 litr qaytishingiz uchun yetarli, qolgani noqonuniy» deya baholashadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: avtomobilda qo‘shimcha yoqilg‘i olib yurishning aniq me'yori bormi? Nega uni vaziyatga qarab har kim o‘zicha talqin qiladi? Umuman olib yurish mumkin bo‘lmasa, ayni mana shunday hollarda qanday yo‘l tutish mumkin?
Bu muammo avval ham ko‘tarilgan. Qisman rasmiy javoblardan biri «O‘zneftmahsulot» mas'ul xodimining telefon orqali «Kun sayin avtomobillar ko‘paymoqda, yoqilg‘i tanqis bo‘lishi tabiiy» degan qisqa javobi bo‘lgandi. Lekin shunday bo‘lsada bu borada ham (ko‘plab boshqa sohalar kabi) poytaxtning omadi chopgan (poytaxtda avtomobillar soni ko‘paymayapti shekillida).
Viloyatdan qatnayotgan mashinalar esa odam tashishdan ham ko‘ra yoqilg‘i tashishga ko‘proq ishqiboz. Ular olib borib kimgadir sotishadi, o‘sha kimdir o‘z ustamasini qo‘yadi va insofli bo‘lsa, shundoq sotadi. Agar vijdoni ham haminqadar bo‘lsa, avval litridan uradi, keyin har xil narsa aralashtiradi. Bora-bora bechora haydovchi ikki karra qimmatligi kamlik qilganday sifati ham shubha ostida bo‘lgan yoqilg‘ini sotib olishga majbur.
Sohani tushungan insonlar turlicha sabablarni bildirishadi. O‘zbekistonning neft zaxiralari o‘z ehtiyojlarini qondira olmasligi, yoki benzin o‘rniga metan yoqilg‘isiga o‘tishni tezlashtirish uchun ataylab tanqislik yuzaga keltirilishi kabi taxminlarni ilgari surishadi.
Mutasaddilarga bu borada savol berilganida «Biz barcha hududlarga kerakli miqdorda yoqilg‘i tarqatmoqdamiz. Ayrim insofsiz sotuvchilar neft mahsulotlari qo‘lga chiqib ketishiga sababchi bo‘lmoqdalar. Biz ularga qarshi kurashayapmiz. Agar shunday holatga duch kelsangiz, falonchi ishonch telefonimizga qo‘ng‘iroq qiling» degan javobdan nariga o‘tishmaydi.
Biroq yoqilg‘ining noqonuniy savdosi qayerdan paydo bo‘layotgani to‘g‘risida gapirmaslikni afzal ko‘rishadi. Axir AYoQShlarda o‘z pulingizga, belgilangan narxlarda, xohlagan paytingizda sifatli yoqilg‘i xarid qila olsangiz, «qo‘l»dan sotib olishga na hojat? Kirachilarga poytaxtdan benzin tashishdan nima naf?
Bu qiziq:
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning OAV bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti chog‘ida shunday savol berishgandi: “Nima uchun bundan bir necha yil oldin oldin bug‘doy va neft deyarli bir xil narxda edi, bugungi kunda bug‘doy eski narxda turibdi, neft esa uch barobar oshdi. Nahotki benzin nondan muhimroq bo‘lsa?”.
Bu fikrda jon bor. Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari birinchi navbatdagi hayotiy ehtiyojlar qatorida turadi. Shunday ekan, ularning ta'minotini ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymoq lozim. Mamlakatimizda ko‘plab sohalarda islohotlar o‘tkazilmoqda. Balki tez orada neft mahsulotlari ta'minoti masalasi ham o‘z yechimini topsa ajab emas.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
15:10
Birjaga chiqarilayotgan AI-80 benzinining boshlang‘ich narxiga nisbatan cheklov o‘rnatildi
17:26 / 06.11.2024
Propan 5 oyda qariyb 2 barobarga, AI-80 benzini esa yillik nisbatda 26 foizga qimmatlashdi
07:30 / 04.11.2024
Toshkentdagi yana uchta AYoQShda sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi
07:40 / 30.10.2024