Jamiyat | 18:04 / 15.09.2017
24953
4 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Yerdagi eng xavfli virusni aniqladilar

Foto: © Fotolia / tilialucida

Kishilarning eng asosiy “qotili” OIV, quturish yoki bezgak virusi emas, balki gepatit virusining turli shtammlaridir. Ular har yili 1,3 million kishining hayotiga zomin bo‘ladi. Bu haqda Lancet jurnalida e'lon qilingan maqolada aytiladi.

"Bu xulosalar bizda jahl keltirib chiqaradi, biroq biz gepatit OIV, bezgak yoki silga qaraganda ko‘proq insonlarni hayotdan olib ketayotganiga hayron bo‘lmadik. Bu virus bilan kurash hech qachon jahonning yetakchi davlatlari siyosatining ustuvor yo‘nalishiga kirmagani hamda bunday loyihalarni moliyalashtirish uchun qandaydir global tizimlar yo‘q ekani bilan bog‘liq", - deya o‘ziga xos “ixtiroga” izoh berdi gepatit bilan kurash bo‘yicha Butunjahon alyansi prezidenti Charlz Gor.

Har yili JSST va BMTning boshqa sog‘liqni saqlash xizmatlari Lancet jurnalida qanday kasalliklar ko‘proq xatar uyg‘otayotganiga bag‘ishlangan hisobotlarni e'lon qilib boradi. Ular BMT siyosiy idoralari va alohida davlatlar sog‘liqni saqlash xizmatlari uchun o‘ziga xos yo‘riqnomadir.

Joriy yilda mualliflar turli viruslar, bakterial va parazitik infeksiyalarga asosiy e'tiborni qaratdilar. Olimlar ularning so‘nggi 40 yildagi evolyutsiyasi haqida aniq tushunchaga ega bo‘lish maqsadida jahonning 147 davlatidan tibbiy arxivlarni yig‘ishdi hamda tahlildan o‘tkazishdi.

O‘tgan yillar davomida ro‘y bergan o‘lim holatlarining taxminan 19,4 foiziga infeksiyalar aybdor, hamda ularning soni asta-sekin oshib bormoqda. Olimlar bu sog‘liqni saqlash standartlari yomonlashgani va rivojlanayotgan davlatlar aholisi sonining ortishi bilan bog‘lashmoqda.

O‘ziga xos reytingda “yetakchilik” virusli gepatitga tegishli bo‘ldi – so‘nggi yillarda u taxminan 1,34 million kishini hayotdan olib ketdi. Ularning o‘limiga nafaqat kasallikning o‘zi, balki u bilan bog‘liq bo‘lgan sirroz va jigar saratoni, shuningdek, boshqa asoratlar sabab bo‘lgan. Ikkinchi o‘ringa sil joylashtirildi - 1,2 million o‘lim, uchinchi – OIV (taxminan million kishining umriga zomin bo‘lgan), to‘rtinchisi esa – bezgak (719 ming qurbon).

Tibbiyot xodimlarining ta'kidlashicha, bunday raqamlar juda konservativ baholash natijasidir, sababi faqatgina 25 davlat o‘z aholisi o‘limiga nima sabab bo‘layotganiga oid aniq statistikani taqdim etadi. Demak, OIV, gepatit va boshqa kasalliklardan vafot etganlarning haqiqiy soni yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Gepatit shunisi bilan xavfliki, so‘nggi yillarda u tufayli ro‘y bergan o‘lim holatlari OIV, sil va bezgak bilan taqqoslaganda kamaymadi, balki 22 foizga o‘sdi.

Bunga sabablardan biri – kishilar virus bilan kasallanganliklarini bilishmaydi ham. Tadqiqotchilarning baholashicha, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarning faqat 5 foiz aholisi o‘z tashxisini biladi va tibbiyot muassasalarida davolanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid