Jamiyat | 17:51 / 16.09.2017
42137
5 daqiqa o‘qiladi

Telefonga yashirilgan behayolik - unga qanday jazo tayin etilgan?

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 1997 yil 10 oktabrdagi PF-1871 sonli Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi va insoniyat xavfsizligiga qarshi, hududiy yaxlitlikni, davlat suveriniteti va siyosiy mustaqillikni buzishga qaratilgan bosma nashriyot mahsulotlari, qo‘lyozmalar, klishe, rasmlar, fotosuratlar, fotoplyonkalar, negativlar, kino, video va audio mahsulotlari, ovoz yozilgan materiallar, shuningdek urush, terrorizm, zo‘ravonlik, milliy ajratish va diniy qarshilik, irqchilik va uning turlarini (antisemitizm, fashizm) targ‘ib etuvchi hamda pornografik mazmundagi materiallarni olib kirish taqiqlangan.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi fuqarolar tomonidan bojxona qonunbuzilishi holatlarining oldini olish va ularga huquqiy tushunchalar berish maqsadida barcha chegara va tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida normativ huquqiy hujjatlar joylashtirilgan peshtaxtalar mavjud bo‘lib, bu haqdagi ma'lumotlar aks etgan videoroliklar bojxona postlaridagi monitorlar orqali muntazam namoyish etib borilmoqda, deb xabar berdi KUN.UZ’ga Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Shu bilan birga, bojxona xodimlari bojxona chegarasi orqali o‘tayotgan fuqarolarga og‘zaki tushuntirish ishlarini ham olib borishadi. Shunga qaramay, ayrim fuqarolarning noutbuk, qo‘l telefoni va boshqa axborot tashuvchi vositalarda behayolik va zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi materiallarni olib o‘tishga bo‘lgan urinishlari ham uchramoqda.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan  behayo va zo‘ravonlik mazmunidagi fotosuratlar, videofilm va roliklarni bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tishga harakat qilgan bir guruh «telegrammchilar» aniqlandi.

Jumladan, «Keles» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari «Novosibirsk-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha kirib kelgan poyezd yo‘lovchisi fuqaro J.Jumayevda (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan Samsung rusumli uyali telefon borligi aniqlandi. Telefonning «Telegram» nomli papkasida behayo mazmundagi 12 ta video va behayo mazmundagi 65 ta foto fayllar hamda vahshiylikni targ‘ib qiluvchi video rolik borligi ma'lum bo‘ldi.

Shunga o‘xshash holatda  «Moskva-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha kirib kelgan fuqarolar M.Uzoqov va B.Zakirovlar bojxona nazoratidan chetlab olib o‘tmoqchi bo‘lgan «Samsung» rusumli uyali telefonlarining «Telegram» papkasida behayo mazmundagi 84 ta video fayllar va 255 ta fotosuratlar borligi ma'lum bo‘ldi.Telefon egalari qo‘l telefonlariga foto va videofayllar qanday qilib tushib qolganidan go‘yoki bexabar ekan.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 189-moddasi bilan ma'muriy ish yuritilib, ko‘rib chiqish uchun tegishli sud idoralariga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, pornografik, shuningdek zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish fuqarolarga eng kam ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shunday harakatlar ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilsa, u holda aybdor shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq, eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Shu o‘rinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi fuqarolardan bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan 120-76-71 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini ma'lum qiladi.

Mavzuga oid