Jamiyat | 18:36 / 16.09.2017
54317
8 daqiqa o‘qiladi

«Tez yordam» vrachlari nolasi: «Odamlardan kaltak yeyish uchun 10 yil o‘qimaganmiz»

Foto: vladmedicina.ru

KUN.UZ saytida chaqiruv qilgan fuqaro tomonidan kaltaklangan «tez yordam» vrachi haqidagi maqola e'lon qilingach, shu soha vakillaridan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Bu holat xalqimiz orasida tizimli ko‘rinish olgani kishini qayg‘uga soladi. Ana shunday xatlardan ikkitasini e'tiboringizga havola etishni ma'qul ko‘rdik. Ularning mazmuni deyarli bir xil.

Salom, KUN.UZ! To‘g‘risini aytsam, o‘qituvchini urgan hokim haqidagi maqolani o‘qiganimda juda achindim, lekin vrachni urishganini o‘qib, rosti, bu ikki kasb xor bo‘layotganini ko‘z o‘ngimda ko‘rib, qonim qaynab ketdi...

O‘zim aynan «tez yordam» vrachi bo‘lib 3 yilga yaqin ishladim va bu maqoladan so‘ng menda ham shunga o‘xshash holatlar bo‘lgani birma bir ko‘z oldimdan o‘tdi.

Agar birinchi holatga nazar soladigan bo‘lsak, hokimning maktab direktorini urishiga, uni haqoratlashiga haddi sig‘ishining sabablari bor. O‘zim o‘qituvchi farzandi bo‘lganligim sababli buni yaxshi bilaman. Ba'zida otamdan so‘rayman: «Ota, maktab direktorining oyligi atigi 700–800 ming atrofida bo‘lsa, hali tumanga, hali viloyatga majlisga chopadi, shuncha ur-so‘klarga shu oylik arziydimi, yana shuncha tarsaki yegan direktor alamini o‘qituvchidan olib, kollektivga yomon ko‘rinishga, elu-xalq oldida kulgu bo‘lishga arziydimi shu», desam, otam: «Ha endi, uniyam oladigan joyi borku, shularga chidab yuribdi», deb qo‘ya qoladi. Mening fikrimcha, oddiy o‘qituvchini shunaqa kaltaklasin hokim, o‘qituvchi o‘zi biladi nima qilishni. Hokimning oldida tili qisiq direktor indamay kaltakni yeb qo‘ya qoladi.

Vrachlar masalasiga kelsak, hamma bosim birlamchi bo‘g‘in boshida sindi: QVP, poliklinikalar, «tez yordam». Hozirda vrachlar noilojlikdangina bu yerlarda ishlashi hech kimga sir emas.

Yaqingacha, aniqrog‘i 31 martgacha hatto dorilarni aytmay, spirtgacha cho‘ntagimizdan sotib olardik. Dorilar berila boshlagandan mash-mashalar boshlandi. Bir «yozuvchi» kasalnikiga borganim esimdan chiqmaydi: bizga berilmaydigan dorini qilishimni talab qilib rosa urishgandi, «seni portalga yozaman», deb rosa dag‘-dag‘a qilgandi. Biz bechoralar yillab cho‘ntagimizdan dori olib borib, yana rahmat o‘rniga tuhmat eshitsak ham og‘ir bo‘lib turgandik.

10 yillik o‘qish 700 ming oylik uchunmidi?! O‘qishga grandga kirish uchun 3 yil topshirganman, hattoki to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga kirib, tashlab, qancha qancha repititorlarga pul to‘lab o‘qishga kirib, azob bilan o‘qiganman. Shu 3 yil «tez yordam»da ishlab, rosti, umrimga achindim.

Kasbimni yaxshi ko‘raman, yaxshi ko‘rmasam shuncha yo‘lni bosmasdim, lekin yurakdan o‘ylab ko‘ring, ertaga yangi oila quradigan, oila boqadigan, 10 yil o‘qigan oliy ma'lumotli shifokor 700 ming oylikka ishlashi to‘g‘rimikan? Buning ustiga, unga har kim qo‘l ko‘tarsa, tahqirlasa?

Hozirda QVPda ishlayman, mutaxassislikka o‘qiganman magistraturada, lekin ish yo‘q. Umumiy amaliyot shifokori hozirgi paytdagi eng past darajadagi vrach. Oyligi ham shunga yarasha. Lekin unga qo‘yilgan yuklama... Hatto bir odam shu ishni qila olishga tasavvur qilish ham qiyin. Eng qizig‘i o‘tgan-ketgan har kim ish buyurishi, xohlagancha oylikdan kesishi odatiy hol ekan.

Ha, aytgancha, xohlasa oylikdan limon oldirishadi, xohlasa metallolomga pul oladi, xullas, ishlashdan ma'ni yo‘q.

Xullas, hurmatli ota-onalar!

Farzandlaringizni o‘qituvchi yoki tibbiyot xodimi qilishdan oldin yaxshigina o‘ylab ko‘ringlar: agar ahvol bunaqa bo‘lsa, rosti, o‘qitmasdan, biror bir sotuvchilikmi yoki boshka tadbirkorlikka o‘rgatib qo‘ya qolinglar. Ham iqtisodingiz yaxshi bo‘ladi, ham farzandingizning ko‘zi ko‘karmaydi.

Umumiy amaliyot shifokori.

* * *

Salom KUN.UZ sayti xodimlari! Sizlarni saytingizda joylashgan audio yozuvni eshitib, haqiqatni yozganingizdan xursand bo‘ldim.

Men o‘zim ham «tez yordam»da shifokor bo‘lib ishlayman. Sizga aytadigan bo‘lsam, hozirgi kunda shifokorlar himoya qiladigan qonun-qoida umuman yo‘q. Shuning uchun odamlar shifokorlarni haqorat qilishdan va urishdan qo‘rqmaydilar. Tibbiyot sohasida eng qiyin ish «tez yordam»ning ishidir.

Masalan, kimningdir bolasining isitmasi ko‘tarilsa «tez yordam»ga chaqiriq bo‘lsa 5–10 daqiqada «tez yordam» bormasa qayta telefon qilib, dispecherni so‘kib tashlaydi, keyin «tez yordam» borgach shifokorni so‘kadi va ba'zan uradi.

Agar mening gapimga ishonmasangiz, «tez yordam» vrachlaridan so‘rab ko‘ring, aminmanki hamma vrachlar eng kamida so‘kish eshitgan.

Endi, kaltak yegan vrachlar nima qiladi, albatta, ichki ishlar xodimlariga murojat qilishadi. Kelgan IIB xodimlari ham «ha, doktor, onasi o‘libdi yoki otasi o‘libdi yoki bolasi kasal ekan, qizishganda jahli chiqqan-da, so‘kibdi, uribdi, bularni ham to‘g‘ri tushuning», deyishdan nariga o‘tmaydi. Hech qanaqa chora ko‘rilmaydi.

Endi portaldan gapirsam, agar chaqiriqqa kech kelinsa (asosan soat 18:00dan 00:00gacha bo‘ladi chunki shu payt chaqiriq eng ko‘p tig‘iz payti shu) yoki borguncha kasal o‘lib qolsa, shifokorni urib-so‘kadilar va prezident portaliga yozadilar. Keyin nima bo‘ladi? Xat prezident qabulxonasidan — hokimga, hokimdan — bosh vrachga, bosh vrachdan — «tez yordam» vrachiga keladi. Endi portalga tushgan arizani yopish uchun bosh vrach yordamchilaridan biri va «tez yordam» vrachi birgalikda xat yozgan fuqarodan kechirim so‘rashadi va tilxat olinadi. «Tez yordam» shifokori ham so‘kish eshitadi, ham kechirim so‘raydi.

Endi dori darmondan gapirsam, har bitta tibbiyot sumkasiga dorilar bir kunda chegaralangan miqdorda beriladi, ya'ni cheksiz emas. Agar shu kuni chaqiriq ko‘p bo‘lsa, shifokor yonidan dori olib ishlatishga majbur bo‘ladi.

Oylik maoshni gapirmay qo‘yaqolay. Xullas, aytsam gap juda ko‘p, mening kimligimni sir tutishingizni iltimos qilaman. Mening maqsadim bir - shifokorlarni himoya qiladigan qonun ishlab chiqarilsa yaxshi bo‘lardi.

Harqalay, shifokorlar 10 yil (7 yil bakalavr, 3 yil magistratura) o‘qib, kasallardan kaltak yeyishni maqsad qilmagandir? Agar IIB xodimini ursangiz — shu fuqaroga juda qattiq chora ko‘riladi. Tibbiyot xodimi urilsa yo so‘kilsa — hech qanday chora.

Mavzuga oid