Jahon | 09:33 / 17.09.2017
8106
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda navbatdagi tartibsizliklar oqibatida 9 politsiyachi jarohat oldi

Foto: AP

AQShning Sent-Luis shahrida (Missuri shtati) yuz bergan tartibsizliklar vaqtida 9 politsiyachi jarohat oldi. Mingga yaqin namoyishchilar Sent-Luis meri uyini qurshab olib, unga qarata bo‘yoqlar solingan idishlarni uloqtirishgan va uyning ikkita oynasini sindirishgan. Bu haqda 16 sentabrda St. Louis Post-Dispatch nashri saytida ma'lum qilingan.

Bu vaqtda mer uyida bo‘lgan-bo‘lmagani ma'lum qilinmagan. 15 sentabr kechki vaqt boshlangan tartibsizliklar ishtirokchilariga 200 politsiyachi qarshilik ko‘rsatgan.   

Jarohat olgan politsiyachilar shifoxonalarga yetkazilganlar, ulardan biri og‘ir jarohat olgan. 30 ga yaqin kishi ushlangan. Dastlab “politsiya irqchiligiga” qarshi namoyish tinch o‘tayotgan bo‘lgan. Uning ishtirokchilari sobiq politsiyachining oqlanganiga qarshi norozilik bildirishgan. 

Oqlangan politsiyachi 2011 yilda giyohvand moddalar sotishda gumon qilingan 24 yoshli afroamerikalikni 5 ta o‘q uzib o‘ldirgan. Voqea avtomobil ta'qibidan keyin sodir bo‘lgan. Mashinadagi videoregistrator politsiyachining o‘zining sherigiga ta'qib qilinayotgan erkakni o‘ldirmoqchi ekanligini aytganini yozib olgan.

Hukmga ko‘ra, ushbu so‘zlar suhbatning kontekstidan yulib olingan va politsiyachi bu so‘zlarni jahl ustida aytgan bo‘lishi mumkin hamda qasddan o‘ldirish isboti bo‘la olmaydi.

Politsiyachining aytishicha, u afroamerikalik qo‘liga qurol olganda o‘zini himoya qilish maqsadida o‘t ochgan. Biroq bo‘lgan voqeaning birorta videoyozuvida marhumning qurollangan bo‘lganini ko‘rib bo‘lmagan. 

Mavzuga oid