Jahon | 09:22 / 17.09.2017
24472
2 daqiqa o‘qiladi

OAV AQSh va Shimoliy Koreya vakillarining maxfiy uchrashuvidan xabar topdi

Shveytsariyaning Montryo shahrida xavfsizlik masalalari bo‘yicha anjumanda amerikalik sobiq yuqori lavozimli diplomat Evans Rever va Shimoliy Koreya vakili Kan Chu o‘rtasida norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Bu haqda 20min axborot portali ma'lum qilgan.

Kuzatuvchilar ushbu uchrashuvni Vashington va Pxenyan o‘rtasida “yaqinlashish”ga urinish sifatida baholashgan. Avval Evans AQSh davlat departamentida Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘yicha kurator lavozimini egallagan. Kan Chu esa Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligining Shimoliy Amerika bo‘yicha departamenti direktori hisoblanadi. Evans davlat departamentida ishlamasligi sababli uchrashuv diplomatik xarakterga ega bo‘lmagan. Biroq katta ahamiyatga ega bo‘lgan, deb hisoblamoqdalar mutaxassislar. Qarama-qarshi tomonlar vositachilar orqali aloqani yo‘lga qo‘yishlari mumkin. Muzokaralar natijalari ma'lum qilinishi dargumon.

Avvalroq Shveytsariya prezidenti Doris Leytxard mamlakat AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lishga tayyorligini aytgandi. Leytxardning fikricha, Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarning kuchaytirilishi ijobiy natijaga olib kelmaydi. Shveytsariya anchadan beri Shimoliy Koreya muammosini hal qilishda ishtirok etadi. 1953 yildan boshlab ushbu davlat harbiylari Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi qurolsizlashtirilgan hududda yarashuv jarayonini nazorat qilib keladilar.

Montryoda 11-13 sentabr kunlari o‘tgan anjumanda Xitoy, Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Mo‘g‘uliston va Shimoliy Koreyaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdilar. Ular Tinch okeanining shimoliy qismida xavfsizlik muammolari va mintaqada barqarorlikni o‘rnatishni muhokama qilishgan.

Mavzuga oid